Breaking News

Britaniya Isroilga qurol eksportini cheklamoqda


Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer hukumatining Isroilga ayrim qurollar yuborishni to’xtatish qarorini xalqaro qonunga bo’ysunish zarurati bilan izohlamoqda.

Xalqaro hayot - 5-sentabr, 2024-yil - Britaniya Isroilga qurol eksportini cheklamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:39 0:00

Huquqshunoslar britan qurollari G’azoda xalqaro gumanitar qonunning jiddiy buzilishiga olib kelishi haqida xulosa qilishi ketidan London Isroil uchun qurol eksportiga 350 ta litzensiyadan 30 tasini muzlatib qo’ydi.

Starmer Britaniya Isroilning o’zini mudofaa qilish huquqini qo’llab-quvvatlashda davom etishini aytadi.

“Litsenziyalar masalasining Isroilga aloqasi yo’q. Bu doimiy tekshiruvga uchraydigan barcha litsenziyalarga shart qoida. Biz xalqaro qonunlarga rioya qilamiz yoki yo’q. Xalqaro qonunlarga rioya qilgan taqdirdagina bahslarimizda ustun kelamiz”, - deydi Starmer.

Britaniya vertolyotlar, qiruvchi samolyotlar va dronlar uchun zarur komponentlar eksportlarini to’xtatib qo’ydi. Biroq tahlilchi Yossi Mekelbergning aytishicha, bu cheklovlar Isroil harbiy amaliyotlariga ta’sir qilmaydi.

“Isroil qurollar va o’q-dorilarning aksariyatini AQSh va Germaniyadan oladi. Salkam 99 foizini”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” siyosatshunosi.

Ammo unga ko’ra, Britaniya qarori ortidagi ramziylikning ahamiyati katta.

“Ushbu qaror Birlashgan Qirollik hamda hukmron leyboristlar Isroilning do’sti bo’lish bilan birga urushni qanday olib borayotgani va qurollardan qanday foydalanayotgani yuzasidan qarama-qarshi fikr bildirishi mumkinligini ko’rsatadi”, - deydi Mekelberg.

Tahlilchi Andreas Krig Britaniya qarorining kattaroq oqibatlari haqida so’zlaydi.

“Bu qurolli mojaro qonunlariga amal qilayotganini da’vo qilayotgan Isroilning eng yaqin hamkori va ittifoqchisi ilk bor unga ishonmayotganini ko’rsatadi. Yevropadagi boshqa mamlakatlar ham endi o’z qurollari eksporti litsensiyzalarini qayta ko’rib chiqishi mumkin”, - deydi London qirollik kollejining katta ma’ruzachisi.

Isroil G’azoda xalqaro qonunga xilof ish tutayotganini inkor etarkan, faqat XAMAS jangarilarini nishonga olayotganini da’vo qiladi, ularni maktablar va kasalxonalarda yashirinayotganlikda, aholidan jonli qalqon sifatida foydalanayotganlikda ayblaydi. Biroq uning tanqidchilari Isroilning tartibsiz hujumlarida 40 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’lganini aytadi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Londonning qurol eksportini cheklash qarorini sharmandali deb atadi.

Isroilning o’zida G’azodagi urushga qarshilik kuchaymoqda, garovdagilarni ozod etishga ojizligi keskin tanqid ostida.

“Netanyaxu hukumatiga qarshi tanqid va ayblovlarni Isroil davlati yoki jamoatchiligiga qarshi tanqid va ayblov deb ko’rish endi kamaymoqda”, - deydi Andreas Krig.

Yevropa Ittifoqida Isroilning ikki vazirini G’azoda inson huquqlarini buzganlikda ayblab, sanksiya bilan jazolash masalasi ko’rilmoqda. Bu masalada qaror yakdil bo’lishi zarur, ammo tashkilotning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel hozircha yakdillik yo’qligini aytadi.

AQSh: XAMAS rahbariyatiga qarshi jinoiy ish muzokaralarga ta’sir qilmaydi

Bu o'rtada Qo’shma Shtatlar XAMAS rahbariyatiga qarshi qo’zg’atilgan jinoiy ish G’azoda otashkesimga erishish va garovdagi isroilliklarni ozod etishga qaratilgan muzokaralarga halaqit berishi haqidagi xavotirlarning asossiz ekanini bildirmoqda.

“XAMAS otashkesim bo’yicha hisob-kitoblarida ushbu ayblovni inobatga oladi deb o’ylamayman”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.

AQSh Adliya vaziri Merrik Garlendning aytishicha, XAMASning olti vakili Amerika fuqarolarini o’ldirish va AQSh xavfsizligiga tahdid solishga qaratilgan uzoq yillik kampaniyani moliyalagani va boshqargani uchun javobgarlikka tortiladi.

Olti ayblanuvchidan uch nafari – Ismoil Haniya, Marvan Iso va Muhammad Dayf Isroil tomonidan o’ldirilgan.

Huquqshunos Uilyam Benks AQSh XAMAS rahbari Yahyo Sinvarni hibsga olishiga ishonmaydi, jinoiy ishni ramziy deb biladi.

“Ammo bu Amerika ittifoqchilariga bosim bo’ladi. XAMAS vakillari ularning mamlakatida paydo bo’lsa, ularni ushlash, hibsga olish imkoni bo’ladi. Hibsga olinish xavfi uzoq muddatda Yaqin Sharqda ancha tinch yo’llar orqali murosaga kelishga yordam beradi”, - deydi Sirakyuz universiteti eksperti.

AQSh Eron va Livanning “Hizbulloh” harakatini ham o’tgan yil 7-oktabrida Isroilga qarshi hujum uchun moliyaviy yordam va qurol uzatganlikda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG