Breaking News

Falastin tarafdorlari demokrat liderlar bilan til topisha olmayapti


Falastin tarafdorlari namoyishiga chiqqan arab jamoatchiligi, Michigan shtati, 1-fevral, 2024.
Falastin tarafdorlari namoyishiga chiqqan arab jamoatchiligi, Michigan shtati, 1-fevral, 2024.

19-avgust kuni Demokratlar partiyasining Milliy qurultoyiga start beriladi. Saylov taqdirini hal etishda muhim guruh sanalgan minglab delegatlar ichida AQSh prezidenti Jo Baydenning Isroil-XAMAS urushidagi pozitsiyasidan norozi 36 delegat ovozlar borasida “Betaraflar harakati”ni tuzgan.

Bu kichik harakat jiddiy ta’sir kuchiga ega.

AQSh Isroilning G’azoga hujumlarini qo’llab-quvvatlab kelar ekan, qurultoy kutilganiday muvaffaqiyatli o’tmasligi mumkin. Isroil zulmini yoqlash partiya nufuzini tushirib borayotgani saylov jarayonlarida muhim omillardan bo’lishi kutiladi. Vitse-prezident Kamala Harris 22-avgust kuni prezidentlikka rasman nomzodlikni qabul qilishi kutilayotgan qurultoy kunlarida Chikago arenasi tevaragida, hatto arena ichkarisida ham Falastin tarafdorlarining norozilik namoyishlari bo’lib o’tishi mumkin.

Demokrat liderlar “betaraf” saylovchilar, ya’ni ayrim shtatlarning saylov byulletenlarida nomzodlarning birortasiga ham ovoz bermaslikni tanlaydigan saylovchilar guruhi bilan bir necha oy davomida muloqot qilgan. Xususan, Harris demokratlar va respublikachilar o’rtasidagi tanlovda beqaror shtatlardan bo’lgan Michiganda aholisining katta qismini arablar tashkil etadigan Dirborn shahri meri bilan uchrashib, murosa yo’llarini izlagan.

Afsuski, Harrisning saylov kampaniyasi va Falastin tarafdorlari o’rtasida kechgan muzokaralar va telefon muloqotlari boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Faollar Harrisdan Isroilga qurol yetkazishga embargo e’lon qilishni hamda G’azoda doimiy tinchlik sulhini tuzishni talab qilmoqda. Harris esa sulh bo’yicha Bayden tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashini bildirib, embargoga doir taklifni rad etgan.

“Betaraflar harakati” a’zolaridan michiganlik delegat Rima Muhammad norozilik namoyishlari qurultoyda saylovchilarning partiyaga e’tirozlarini bildirish uchun kuchli vosita bo’lishini aytadi.

“Betaraflar harakati” Harrisning saylov kampaniyasiga qanchalar bosim qo’llay olishini vaqt ko’rsatadi.

Baydenning saylov poygasidan chiqishi va uning o’rnini Harris egallashi ortidan demokratlarga nisbatan xayrixohlik ma’lum darajada kuchaydi. Detroyt singari aholisining katta qismi qora tanlilardan iborat shtatlarda ham demokratlarga nisbatan salbiy munosabatlar ijobiy tomonga o’zgardi.

Biroq Harris arab va boshqa musulmon qatlam, Falastin tarfdorlari va “Betaraflar harakati” delegatlarini o’zi tomon og’dira olishi kerak bo’ladi.

Harris kampaniyasi menejeri Juli Rodriges o’tgan hafta Detroytda arab jamoatchiligi hamda “Betaraflar harakati” vakillari bilan muloqot qilgan.

Arablar vakili Usama Siblanining aytishicha, Harris Isroilga qurol uzatmaslik va G’azoda tinchlik o’rnatishga doir konkret rasmiy bayonot bilan chiqmaguncha Falastin tarafdorlari ovozini ola olmaydi.

Uchrashuvda Rodriges G’azoda o’limlarni to’xtatish muhimligini aytgan. Unga javoban Siblani buning uchun Harrisda na reja, na qaror borligini aytgan.

Harrisning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Fil Gordonning ta’kidlashicha, vitse-prezident qurol embargosiga doir taklifni qo’llab-quvvatlamaslik ahdida qat’iy.

Donald Trampning kichik qizining qaynotasi Massad Bulos ayni damda Tramp kampaniyasining amerikalik arablar ichidagi targ’ibotchisi. Bir necha kun avval Detroyt musulmonlari bilan muloqot qilgan.

Biroq arab jamoatchiligi Tramp prezidentligi davrida ayrim musulmon mamlakatlarga joriy qilgan immigratsion taqiqlarni, Isroilga ko’rsatilgan beqiyos yordam va quvvatlovni hanuz unutmagan.

Tramp Falastin tarafdorlari namoyishini antisemitizm bilan bog’lamoqda. Men prezident bo’lsam, Amerikada jihod bo’lmaydi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG