Breaking News

Harris prezidentlikka saylansa, qanday tashqi siyosat yuritadi?


AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Demokratlar partiyasidan prezidentlikka rasmiy nomzod bo’lishga yaqin turibdi. 19-avgust kuni Chikago shahrida boshlanadigan partiya qurultoyida delegatlarning aksariyati unga ovoz berishi kutilmoqda. Ayniqsa nomzodlikka da’vo qilayotgan boshqa hech kimning yo’qligini hisobga olganda.

Xalqaro hayot - 5-avgust, 2024-yil - Kim birinchi hujum qiladi - Eron yoki Isroil?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:55 0:00

Noyabrda bo’ladigan saylovda Harris sobiq prezident Donald Tramp bilan bellashadi. G’alaba qozonsa, qanday tashqi siyosat yuritadi?

G’azo va Ukrainadagi urushlar, Xitoyga nisbatan siyosat, Amerikaning janubiy chegarasida migratsiya inqirozi. Harris bu masalalarda Bayden ma’muriyatining siyosatini davom ettirishi taxmin qilinmoqda.

Markaziy Amerikadan minglab migrant har yili Meksika orqali AQSh chegarasini kesib o’tmoqda. Vitse-prezident Kamala Harrisga mintaqadagi mamlakatlar bilan hamkorllikda migrantlar oqimiga yetaklovchi omillarni aniqlash vazifasi yuklangan edi.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Harrisni bu vazifani uddalay olmaganlikda aybladi.

“Qo’lidan hech vaqo kelmadi. Vitse-prezidentlikni uddalay olmadi. Millionlab odam hali ham chegaradan o’tmoqda. Harris esa chegara qirolichasi bo’lgan edi”, - dedi Tramp.

Oq uy Harris chegara xavfsizligi yoki immigratsiya siyosatiga bosh bo’lmaganini ta’kidlaydi.

Kaliforniyada bosh prokuror bo’lib ishlagan Harris saylovchilar bilan uchrashuvda immigratsiya masalasida prokurorlik tajribasidan foydalanishini aytadi.

“Men mamlakatimizga noqonuniy kirgan transmilliy to’dalarni, narkokartellarni, inson savdogarlarini ta’qib etganman, ularni birma-bir sudga berib, g’alaba qozondim. Donald Tramp esa chegara xavfsizligi haqida katta gapirib, hech narsani uddalagani yo’q”, - dedi Harris.

U prezidentlikka saylansa, Jo Bayden taklif etgan, ammo Trampga Kongressda sodiq bo’lgan qonunchilar tomonidan rad etilgan chegara xavfsizligiga doir qonun loyihasini yangidan o’tkazishga harakat qilishini aytadi.

Harris Rossiya bilan to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuvsiz Ukrainaga yordam berishda davom etishini, NATOdagi ittifoqchilar o’rtasida birlikni saqlashga zo’r berishini, Hind va Tinch okeani mintaqasida ham hozirgi siyosat davom etishini ta’kidlaydi.

"Qo’shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizida qo’rqitishlarga yuz tutayotgan Filippin bilan birga bo’ladi”, - deydi Harris.

Xitoy bilan savdo masalasida ham fikr bildirdi.

“U Xitoydan taralayotgan tahdid darajasini tushirishini aytadi. 2020-yilda nomzodini prezidentlikka qo’yganida Harris Xitoyga tariflarni qo’yish tarafdori emas edi. Biroq Bayden kabi u bu masalada fikrini o’zgartirgan ko’rinadi. Demak, hozirgi siyosat davom etadi”, - deydi Uilson markazi tahlilchisi Robert Deyli.

G’azoga kelganda Harris Bayden kabi taraflarni otashkesimga da’vat etmoqda, mintaqada kattaroq urushning oldini olishga intilmoqda.

Biroq demokratlar elektoratining katta qismi Baydenning Isrpoilga xayrixohligidan norozi ekan, Harris Isroil hujumlarida o’layotgan falastinliklarga hamdardligini namoyish etmoqda.

“Azob-uqubatlarga befarq bo’la olaymiz, men jim turmayman”, - dedi u.

Harris tashqi siyosatdagi maqsadlarga Bayden kabi ittifoqchilar va hamkor davlatlarga bosh bo’lib, ular bilan hamkorlikda erishmoqchi, Milliy fazo kengashi majlisida raislik qilib, xavfsizlikka noan’anaviy tahdidlar bilan, Oq uy ma’muriyatining sun’iy idrok va iqlim bo’yicha siyosati bilan shug’ullanmoqda.

“Odamlar “Harris faqat immigratsiya bilan shug’ullanyapti, immigratsiya muammosi yomon” deganda Harrisning dunyoning har bir mintaqasida o’ynayotgan rolini to’liq tasavvur qilmayotgan ko’rinadi”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Linda Robinson.

So’nggi salkam to’rt yilda Harris vitse-prezident sifatida dunyoni aylanib, 150 mamlakat va hukumat rahbarlari bilan uchrashganiga qaramay, Tramp unda tajriba yo’qligini, biror yutuqqa erishmaganini aytishda davom etmoqda.

"U tomi ketgan radikal so’lchi, mamlakatimizni barbod qiladi”, - deydi Tramp.

Harris bunga javoban Trampni televizion duelga chaqirdi.

“Menga gapingiz bo’lsa, yuzimga ayting”, - dedi u.

Tramp-Harris teledebati qachon bo'ladi?

Tramp ABC kanalini noxolislikda ayblab, 10-sentabrga rejalangan teledebatdan bosh tortdi, Harris bilan Pensilvaniyada Fox News kanali orqali 4-sentabrda yuzma-yuz bellashishga tayyor ekanini aytdi. Tramp studiyada tomoshabinlar bo’lishini talab qilmoqda. 27-iyun kuni Bayden bilan teledebat tomoshabinlarsiz o’tgan.

Tramp Harris uning talabiga ko’nmasa, u bilan ortiq munozara qilmasligini, 4-sentabrda saylovchilari bilan katta uchrashuv o’tkazishini aytadi.

Harris 10-sentabrga ABC kanalida rejalangan teledebatdan voz kechmasligini bildirdi, Trampga uning istalgan payt istalgan joyda bahslashishga tayyor ekani haqidagi gaplarini eslatdi.

6-avgust kuni demokratlardan vitse-prezidentlikka nomzod ismi oshkor bo'lishi mumkin

Harris shu hafta saylovda vitse-prezidentlikka partiyasidan kim nomzod bo’lishini e’lon qilishi kutilmoqda.

Asosiy da’vogarlar uchta: Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro, Minnesota gubernatori Tim Vals va AQSh senatori Mark Kelli.

Harris yakshanba kuni bu va boshqa da’vogarlar bilan birma-bir suhbat o’tkazgani xabar qilinmoqda.

Shapiro Harris kabi shtat bosh prokurori lavozimiga ikki bor saylangan. Pensilvaniyada. 6-avgust kuni Harris aynan Pensilvaniyadagi mitingda vitse-prezidentlikka nomzod bilan ilk bor yonma-yon ko’rinishi kutilmoqda.

Senator Kelli sobiq astronavt, 2011-yilda Vakillar palatasining boshiga otilgan a’zosi Gabbi Giffordsning turmush o’rtog’i, qurol nazoratining ashaddiy tarafdori.

CBS telekanali Harris Kentuki shtati gubernatori Endi Beshir, Illinoys gubernatori Jey Bi Pritsker hamda Transport vaziri Pit Buttijijni ham suhbatdan o’tkazgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG