Osama Siblaniy tinimsiz telefonda. U Amerikadagi eng yirik arab gazetasi noshiri va jamoadagi siyosiy kayfiyatni yaxshi biladi. Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqib, o'rniga Kamala Harrisni tavsiya qilar ekan, arab saylovchilar uni qanchalik quvvatlashi mumkin? Hozircha aniq qaror sezilmayapti, deydi Siblaniy.
Harris Michigan yutishi shartligini biladi va aholi orasida targ'ibotni kuchaytirmoqda.
Arab faollar u bilan muloqotga, xususan uning dasturi bilan tanishishga tayyor. Biroq ular Baydendan ko'ngli qolganini, Harris shu komandadan ekanini ham eslatib turibdi.
"Baydendan keyin yangi bir imkoniyat paydo bo'ldi, bir-birimizni tushunishga urinish uchun", - deydi Diyerborn shahar meri Abdulla Hammud. Shahar Amerikaning eng ko'p arablar yashaydigan qismi.
"To'rt yil oldin Bayden biz bilan til topisha olgan edi va Oq uyga saylana oldi. Buyog'i endi Kamala Harrisga bog'liq", - deydi u.
Hammud va Siblaniy Harrisdan Isroilga nisbatan keskinroq turishni kutmoqda, juda bo'lmasa, G'azoga hujumlarni to'xtatishni. Harris tinchlikni targ'ib qilishi shart, deydi ular. Isroilni shartsiz quvvatlash davri o'tdi, deya undamoqda u arab liderlar.
Harris Isroil davlatchiligi tarafdori va u o'zini himoya qilishga haqli, deb biladi. Shu bilan birga G'azoda qon to'kilayotganiga qarshi. Oq uy parda ortida mojaroni to'xtatish uchun harakat qilayotgani ma'lum.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning yaqinda Vashingtonga tashrigi kuchli asabiylashish ichida o'tdi. Kongressda so'zlaganida ayrim qonunchilar uni urush jinoyatchisi deya qoraladi. Harris, boshqa ishlari sabab, bu nutqni eshitishga kelmadi.
Harris vitse-prezidentlikka kimni tanlashi muhim, deydi arab faollar. Nomzodlardan biri - Pensilvaniya shtati gubernatori Josh Shapiro. Yahudiy siyosatchi Falastin va uning tarafdorlarini tanqid qilib keladi.
"Josh Shapiro universitetlardagi namoyishlarni qoralagan. U vitse-prezidentlikka tanlansa, demak, Harrisning Baydendan farqi bo'lmaydi", - deydi Rima Merve, Arab amerikaliklar tarmog'o rahbari.
Fevral oyida Michiganda demokratlar orasidan prezidentlikka da'vogarlar saralayotgan paytda 100 mingdan oshiq arab ovoz bergan. Endilikda jamoa o'z pozitsiyasini qayta ko'rib chiqmoqda, chunki prezidentlikka demokrat nomzod yangilandi.
Respublikachi nomzod Donald Tramp arablar uni ma'qul ko'rishiga ishonadi, vaholanki, sobiq prezident immigratsiyani cheklamoqchi va islom dunyosiga nisbatan qarashlari murakkab.
Massad Bulos ismli livanlik - Trampning kuyovi. Trampning ikkinchi qizi Tiffani Trampga uylangan. Bulos saylov kampaniyasida jonbozlik ko'rsatmoqda.
Tramp Falastin mustaqil davlat bo'lishini istaydi va prezidentlikka saylansa, buning uchun qattiq harakat boshlaydi, deydi Bulos.
Arablar G'azoda urush darhol to'xtashini va AQShda musulmonlarga nisbatan cheklovlar qo'yilmasligini istaydi.
Michigan shtatida saylovchilar bilan uchrashgan Tramp arablardan unga bu borada tayanishni so'ragan.
"Trampga ovoz berishga qaror qilgan biror arabni bilmayman", - deydi Hammud, Diyerborn shahar meri.
Demokrat siyosatchi kuzatishicha, arab aholi Trampni tubdan yoqtirmaydi.
Siblaniy esa har narsani kutish mumkinligiga ishora qilib, eng muhimi - berilgan ovoz, deydi.
"Ovozimiz hammaga kerak, biroq bizni to'liq quvvatlab, biz istagan ishlarni qilishga sidqidildan tayyor taraf yo'q", - deydi u.