AQShda bu yilgi prezident saylovlarida yoshlar kimga ovoz beradi – Trampgami yoki Harrisga? Har ikki nomzod saylov shtabi yoshlar jarayonga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidlaydi. Biroq tarixan yoshlar aynan saylov kuni yetarlicha faol emas.
AQShda yosh saylovchilar soni yil sayin oshib bormoqda. Agar ular noyabrda bo’ladigan saylovda faol qatnashsa, saylov natijasiga ta’sir qilishi mumkin.
“Yoshlar hukumat faoliyatidan norozi, ularning saylovdagi passivligini shu bilan izohlash mumkin. Yoshlar o’zgarishlarning ular istagan maromda bo’lmayotganidan xunob”, - deydi “Yoshlar harakati alyansi” vitse-prezidenti Rudi Garret.
Kamala Harris Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo’lganidan beri yoshlarda umid va shijoat paydo bo’lgan ko’rinadi.
“Deyarli bir kechada saylovga chiqishga ishtiyoq bildirgan yoshlar soni 5 foizga ko’paydi”, - deydi “Priorities USA” tashkilotidan Nik Ahamed.
19 yashar Selest Galves Harrisning poygaga qo’shilganidan xursand ekanini aytadi.
“Avvaliga umuman saylovga chiqmoqchi emas edim. Bayden poygadan chiqib, uning o’rnini Kamala egallaganidan keyin ayol prezidentni saylashga imkon beruvchi yangi dunyoga qadam qo’yayotganimdan xursandman. Siyosatga endi qiziqish paydo bo’ldi menda”, - deydi u.
Siyosatga qiziqish yoshlarga saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tishga turtki berdi. Vote.org sahifasiga ko’ra, Jo Bayden saylov poygasidan chiqishi haqida e’lon qilishidan bir hafta ichida 100 mingdan oshiq odam ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tgan. Ularning 85 foizini 18 dan 34 yoshgacha bo’lganlar tashkil etmoqda.
Harris va uning respublikachi raqibi Donald Trampning reytingi deyarli bir. Trampga ovoz bermoqchi bo’lgan yoshlar ham talaygina.
“Ularning aksariyati iqtisodiyot ularning foydasiga ishlamayotganini aytadi. Demokratlar Prezident Bayden sharofati bilan rekord miqdorda ish o’rinlari yaratilgani haqida gapirganida yoshlar bundan manfaat ko’rmaganini aytadi”, - deydi Ahamed.
26 yashar Frenki Rassel demokratlardan ko’ngli qolgan yoshlardan.
“Mening yoshimdagi odamlarning ovozlarini olish uchun ular bilan gaplashish kerak. Soliqlarni pasaytirish, qurollarga qarshi kurash, din haqida gapirish bilan ish bitmaydi. Bizga boshqa narsalar kerak. Bizga Amerika manfaatlarini ustun qo’yadigan siyosat kerak. Yangi urushlarga qarshimiz, pullarimizning xorijga yuborilishini xohlamaymiz”, - deydi u.
“Xafagarchilik befarqlik degani emas. Yoshlar siyosatda nimalar bo’layotganini yaxshi anglamoqda. Jarayonlarga befarq emas. Shunchaki saylov jarayonidagi ishtiroki ular istagan o’zgarishlarga olib kelayotganini ko’rishmayapti. Lekin saylov poygasida Harris Baydenning o’rnini egallagani yangi trayektoriyani yaratgani aniq”, - deydi Rudi Garret.
Noyabr saylovi yoshlar qanchalik faol va kim tarafida bo’lganini ko’rsatib beradi.