Breaking News

Prezidentligining oxirgi oylarida Bayden qonun ustuvorligi va demokratiyaga urg'u bermoqda


Prezident Jo Bayden Texasda sobiq prezident Lindon Jonson kutubxonasida so'zladi, 29-iyul, 2024
Prezident Jo Bayden Texasda sobiq prezident Lindon Jonson kutubxonasida so'zladi, 29-iyul, 2024

Qayta saylanish uchun harakatini to'xtatgan Prezident Jo Bayden Texas shtatida sobiq prezident Lindon Jonson arxivi qoshida nutq so'zladi. Fuqaro huquqlari va tengligi yo'lida qonun qabul qilinganining 60 yilligini shu tariqa nishonladi.

Bayden aksariyat demokratlarning xavotirini tilga oldi: Respublikachi Donald Tramp - demokratiya uchun tahdid. Tramp buni inkor etadi, ammo liberallar uni qonunlarni pisand qilmaslikda, tizimni buzishni odat qilganlikda ayblaydi.

“Hech kim qonundan ustun emas”. - deydi Bayden.

Martin Lyuter King, Jon Kennedi va Lindon Jonson kabi liderlardan ilhomlanib, siyosatga kirib kelganini aytadigan Bayden nazarida Amerika xalqi oldida tarixiy tanlov turibdi.

Prezident tahlilicha, Oliy sud sobiq prezidentlar faoliyati uchun javobgarlikka tortilmaydi, deya qaror qabul qilib, demokratik sistemani tahlika ostiga qo'ymoqda. Bir umrga tayinlanadigan sudyalar bunday qadamlar bilan AQShda mas'uliyat hissini yo'qqa chiqarishi mumkin, deya xaotirlarni u ham bildirmoqda.

Baydenning Texasdagi nutqi ancha avval rejalangan edi, ya'ni poygani tark etishidan oldin.

Aslida 15-iyulda kutilgan bu murojaat Bayden kampaniyasini qizitib yuboradi, degan umid qilingan edi.

Biroq hatto Baydenning safdoshlari ham, u azaldan bilgan, birga ishagan qonunchilar ham prezidentni qayta saylanish uchun urinmaslikka chaqirdi.

Bayden qaroridan afsusda emasligini aytib, uning maqsadi har qanday holat va shaklda vatani xa xalqiga xizmat qilish ekanini aytadi. Toki, deydi u, Amerika demokratiyasi mustahkamlanaversin.

Bayden fikricha, Harris ajoyib prezident bo'lishga qodir inson.

Lindon Jonson ham ikkinchi muddatga harakat qilmagan. Ammo, Bayden undan farqli o'laroq poygadan juda kech chiqdi. Jonson uchun Vyetnamdagi qonli urush asosiy sabab bo'lgan. 81 yoshli Bayden uchun esa uning aqliy salomatligi.

U Trampni boshidan vijdonsizlik va yolg'onda tanqid qilib keladi.

“Davlatimizni mustahkamlashning eng ma'qul yo'li hozir uning boshqaruvini yangi avlodga topshirish", - deydi Bayden.

"Hech narsa, hech narsa demokratiyamizga to'siq bo'lmasligi lozim, hatto shaxsiy ambitsiyalarimiz ham".

Bayden o'z prezidentligini irqiy va jinsiy tenglikka keng yo'l berilgan davr, deya baholaydi. Vitse-prezident ilk bor ayol kishi bo'ldi, ham qora tanli, ham osiyolik. Ma'muriyatda misli ko'rilmagan sonda ayollar xizmat qildi, yuqori lavozimlarga turli irq va etnik kelib chiqishga ega insonlar tayinlandi.

Respublikachilar buni yuzaki siyosat deya qoralaydi. Ularga ko'ra, ish eplay olganga berilishi kerak, jins yoki irqqa qarab emas.

Liberallar esa ko'plab iqtidorli amerikaliklar aynan irqi va jinsi sabab chetda qolib ketishini eslatadi.

Ostin, Texas, 29-iyul, 2024
Ostin, Texas, 29-iyul, 2024

Bayden o'z siyosatini Jonson davrida fuqarolik huquqlari uchun kurash avjiga chiqqan paytlarda ko'rilgan choralarga qiyoslaydi. Ayrimlar uchun uncha muhim ko'rinmagan ishlar keyinroq mamlakatni o'zgartirgan, deydi u.

Kelasi olti oyda Bayden saylovchi huquqlarini kengaytirmoqchi va Kongressga yuborgan barcha takliflari ma'qullanishi uchun qonunchilar bilan yaqindan ishlamoqchi.

“Shaxsiy huquqlar, fuqaro huquqlari uchun kurashaveraman. Nafrat va ekstremizmga qarshi turamiz. Amerikada siyosiy zo'ravonlikka aslo yo'l qo'ymaymiz", - deydi Bayden.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG