Breaking News

Harris tashqi siyosatda Baydenning davomchisi bo'lishi mumkin


Vitse-prezident Kamala Harris Viskonsin shtatida, 23-iyul, 2024
Vitse-prezident Kamala Harris Viskonsin shtatida, 23-iyul, 2024

Oq uy uchun kurashayotgan Vitse-prezident Kamala Harris fikricha, uning davlati global liderlikni boy bermasligi kerak va o'z manfaatlarini qattiqroq himoya qilish yo'lida borishi lozim.

Harrisning raqibi respublikachi Donald Tramp so'zlariga ko'ra esa demokratik nomzod AQSh zaiflashtiradi va dushmanlarni eplay olmaydi. Tramp uni immigratsiya masalasini chigallashtirishda ham ayblaydi. Tizimdagi muammolarni Harris yecha olmaydi, deydi respublikachi.

"Demokratlar boshqaruvi ostida millionlab odamlar chegaramizni buzib o'tdi va Harris biror chora ko'rmadi", - deydi Tramp.

Harris Markaziy Amerika davlatlari bilan bu masala yuzasidan ishlagan, ammo Tramp tasvirlab kelayotganidek, immigratsiya va chegara uchun mas'ul bo'lmagan.

Harris hujjatsiz muhojirlar bilan Kaliforniya shtatida bosh prokuror bo'lgan davrlarda yaqindan ishlaganini, murakkabliklar bilan tanishligini aytadi.

Yaqin Sharqdag mojarolarga kelganda esa Harris Jo Bayden siyosatini davom ettirishi kutiladi. Vashington Isroilni quvvatlaydi, ammo Falastin mustaqil davlatga aylanishi uchun ham harakat qilaveradi. Bu yo'lda AQSh arab davlatlari bilan ishaydi.

Harris G'azodagi urushni tugatishga urinadi, deydi tahlilchilar. Isroil o'zini himoya qilishga haqli, deydi demokratik nomzod, biroq begunoh odamlarning qoni to'kilmasligi kerak.

Vitse-prezident falastinliklarga achinishini yashirmaydi, rahm-shafqatni targ'ib qoladi, degan ishonch ham kuchli. Harris Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan yaqinda uchrashganida ham bunga urg'u bergan.

Oq uyga saylansa, Harris Ukrainani quvvatlaydi va bu borada Bayden davrida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta'minlaydi. Ekspertlar deydiki, u Rossiyani jazolashni ham to'xtatmaydi va bu jihatdan Yevropa bilan hamkorlikni mustahkamlayveradi. Harris NATOga tayanadi va uni kuchaytirish va kengaytirish yo'lidan boradi.

Ukraina rahbariyati bilan bir necha bor yuzma-yuz muloqot qilgan Harris Kongressda ko'pchilik o'rinni respublikachilar egallab olsa, til topishishga qiynaladi, deydi sharhlovchilar, chunki bu borada deyarli tajribasiz.

Tinch okeanida Xitoy ta'sirini kamaytirish ham Harris maqsadlaridan biri. Pekin bilan savdoni ushlab turadi, zararni pasaytiradi. Lekin Bayden siyosatidan boshqacharoq strategiya bilan chiqishi kutilmayapti.

Vitse-prezident Xitoyni inson huquqlarini buzishda, uyg'urlarga nisbatan genotsidda va Tayvanni ezish payida yurganlikda ayblaydi.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va sun'iy intellekt Harris tashqi siyosatida muhim yo'nalishlar bo'lishi taxmin qilinadi.

Tashqi aloqalar kengashidan Linda Robinson kuzaitshicha, demokrat nomzod texnologiya, samo va ekologiya masalalariga juda qiziqadi va ularni bot-bot muhokama qiladi.

"Harris bu sohalardagi muammolarga ko'proq e'tibor qaratsa ajablas", - deydi Robinson.

Vitse-prezident tashqi siyosatda ko'p tajribaga ega emas, deydi tahlilchilar, lekin o'tgan uch yarim yil mobaynida 21 davlatga safar qilib, 150 lider bilan uchrashgan.

Biroq Tramp nazarida Harris tashqi siyosat nima ekanini bilmaydi. Harris fikricha esa respublikachi nomzod nima deyayotganini bilmaydi.

Harris Trampni debatga chaqirmoqda. "Bor gapini yuzimga o'sha yerda aytsin", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG