AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Isroilga safari oldidan yahudiy davlat armiyasi yakshanba kuni G’azo Sektori markazidagi Dayral Balah shahridan besh kilometr narida joylashgan Nuseyrat qochqinlar lagerini yana nishonga oldi. Mahalliy rasmiylar kamida besh odamning o’limi haqida xabar qilmoqda. Dayral Balahning o’zida Isroil zarbasidan 21 kishi, jumladan olti bola o’lgan.
Isroil G’azo janubidagi Xon Yunus shahrida raketa qurilmalari va 20 nafar falastinlik jangarinini o’ldirgani ma’lum qildi.
Otashkesimga kelishishga qaratilgan muzokaralar o’tgan hafta Qatarda jonlanib, bu hafta Qohirada davom etishi kutilmoqda.
Bu Blinkenning Isroilga o’tgan yil oktabridan beri 10-safari. AQSh Isroil va XAMAS takliflarini birlashtirib, Qohirada Blinken ularni taraflarga taqdim etishi kutilmoqda.
"Bu hal qiluvchi daqiqa. Balki bu garovdagilarni uyga qaytarish, otashkesimga kelishish, hammani davomiy tinchlik va xavfsizlikka yetaklovchi yo’lga chiqarish uchun eng yaxshi va eng so’nggi imkoniyatdir”, - dedi Blinken.
XAMAS Qatarda muhokama etilgan takliflarni qabul qilishdan bosh tortdi. Harakat bayonot chiqarib, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni yangi shartlar va talablar qo’yayotganlikda, kelishuvga g’ov bo’layotganlikda aybladi.
Netanyaxu XAMAS garovga olgan vatandoshlarini ozod etishga qaratilgan muzokaralar qiyin kechayotganini tan oldi:
"Biz muzokara olib boryapmiz. Faqat berishdan iborat ssenariymas bu. Ayrim masalalarda yon berishimiz mumkin, boshqalarida murosa qilmaymiz. Bularni bir-biridan farqlay olamiz”, - dedi u.
Konnektikut shtatidagi Nyu Xeyven universitetida milliy xavfsizlik bo’yicha professor Xovard Stofferning aytishicha, otashkesim uch bosqichdan iborat bo’ladi.
“Birinchi bosqichda Isroil askarlarini G’azoning ayrim qismlaridan chiqarishi kerak bo’ladi. Shundan so’ng mahbuslar almashiladi, garovga olingan ayollar, qariyalar, yaradorlar ozod etiladi, Isroil ham ayrim falastinlik mahbuslarni qamoqxonalaridan chiqaradi”, - deydi Stoffer.
Biroq olim kelishuv ijrosiga kelganda muammolar bo’lishini taxmin qiladi.
“Kimni ozod etish bo’yicha kelishmovchilik yuzaga kelishi mumkin. Qo’shinlarni G’azodan chiqarish ham murakkab masala, chunki Netanyaxu qurollangan odamlarning G’azo janubidan shimoliga ko’chishini cheklamoqchi”, - deydi professor.
Otashkesim bo’yicha kelishuv G’azoda gumanitar yordamni taqsimlashga, poliomiyelit kasalligi tarqalishining oldini olish uchun ommaviy emlashga imkon beradi. Falastin sog’liqni saqlash vaziri shanba kuni falaj bilan kasallangan birinchi falastinlik aniqlanganini ma’lum qildi.
Isroilda yashovchi falastinliklar G’azodagi millatdoshlari uchun xayriya to’plashga qaratilgan tashabbusga qo’shildi, ularga bu ishda ayrim isroilliklar ham yordam bermoqda. Maqsad bir necha tonna oziq-ovqat, go’daklar uchun taglik, ayollar gigiyenasi uchun mahsulotlar va boshqa kerakli narsalar to’plab, BMT yuk mashinalarida G’azoga yuborish, ochlikka barham berish.
Tashabbus tashkilotchilaridan biri Alon-Li Grin G’azoda ochlikning kelib chiqishida Isroil hukumatini ayblamoqda.