Breaking News

Doxada G’azoga doir muzokaralar jonlandi


G'azo Sektori
G'azo Sektori

AQSh, Qatar va Misr Isroil va XAMASni otashkesimga qaratilgan kelishuvni qabul qilishga ko’ndirishda davom etmoqda. Payshanba kuni Doxada muzokaralar davom etgan. Unda AQSh, Isroil, Misr va Qatar vakillari qatnashmoqda.

Xalqaro hayot - 15-avgust, 2024-yil - Abbos Turkiya parlamentida so'zladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

“Vositachilar Isroil taklifni qabul qilishi haqida ma’lum qiladi degan umiddamiz. Muloqotlar har safar yangi narsalarni muhokama qilishga emas, balki kelishuv ijrosi mexanizmi va aniq muhlat belgilashga qaratilishi kerak”, - deydi XAMAS vakili Osama Hamdan.

Chorshanba kuni Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer muzokaralar jonlanishiga umid bildirdi.

Prezident Jo Bayden tinchlikka erishish qiyin bo’lishini tan oldi.

“Vaziyat murakkablashmoqda. Eronning harakatiga qaraymiz, hujum qiladimi, yo’q. Ammo bo’sh kelmaymiz”, - dedi u.

XAMAS rahbari Ismoil Haniyaning o’limi ketidan Eronning Isroilga hujumi kutilmoqda. Ba’zi xabarlarga qaraganda Tehronga ittifoqchi “Hizbulloh” va XAMAS Isroilga qattiq zarba berishga chaqirgan, biroq Eron Isroil rahbarlarini yo’q qilishni taklif etmoqda.

Eronni bu niyatidan qaytarish yoki Eron hujum boshlagan taqdirda Isroilga yordam berish maqsadida AQSh mintaqaga qo’shimcha harbiy kuchlarini safarbar etgan.

Oq uyning Yaqin Sharq bo’yicha vakili Amos Xoxshteyn chorshanba kuni Bayrutda bo’ldi.

“Vaqtni boy bermasdan, turli bahonalar qilmasdan tezroq kelishish kerak”, - dedi u.

Isroil va XAMAS bir-birini muzokaralarni paysalga solayotganlikda ayblamoqda.

“XAMAS har safar yangi talablar bilan chiqyapti, kelishisdan bosh tortyapti”, - deydi Isroil hukumati so’zlovchisi Deyvid Menser.

Ayrim kuzatuvchilar Bayden Isroilga bosim qo’yishi kerakligini aytadi.

“Bayden Netanyaxuga “bo’ldi endi, o’yin tugadi, prezidentlikka Harris yoki Tramp kelsa, Isroilga hozirgiday yumshoq munosabat bo’lmaydi, urushni tugatib, yangi sahifa ochish kerak” deb aytishi kerak”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universitetidan Laura Blumenfeld.

Ayrim xabarlarga ko’ra, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri bilan gaplashib, uni otashkesimga rozi bo’lishga da’vat etgan. Biroq Benyamin Netanyaxu Tramp bilan gaplashganini inkor etmoqda.

Bu o’rtada Isroilning XAMASga qarshi qaratilgan hujumlarida G’azoda har kuni tinch aholi o’lmoqda. Mahalliy rasmiylar qurbonlar 40 mingdan oshganini ta’kidlamoqda.

So’nggi bir kunda sektorda 40 falastinlikning o’lgani, 107 nafarining jarohat olgani aytilmoqda.

MAHMUD ABBOS TURKIYA PARLAMENTIDA SO'ZLADI

Payshanba kuni Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbos Turkiya parlamentida nutq so’zladi. Unga ko’ra, Isroil Falastin yerlarini bo’shatmaguncha mojaro barham topmaydi. Abbos G’azo va Quddusga bormoqchi ekanini ma’lum qildi.

"Muxtoriyat a’zolari bilan birga G’azo Sektoriga borishga qaror qildim. Hozirgi vahshiy bosqinni to’xtatish uchun qo’ldan kelgancha harakat qilaman”, - dedi u.

Falastin rahbari G’azo va Quddusga qachon borishini aniqlashtirmadi.

Abbos Isroil istilosidagi G’arbiy Sohilni boshqaradi, G’azo XAMAS boshqaruvida bo’lgan.

Bundan bir kun oldin Abbos Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan gaplashdi.

46 daqiqalik ma’ruzasida u Qo’shma Shtatlarni Isroilni qo’llab-quvvatlash va BMT Xavfsizlik Kengashidagi rezolyutsiyalarga veto qo’yish orqali mojaroni uzaytirayotganlikda, Isroilni esa urush jinoyatlarida va xalqaro qonunni buzayotganlikda aybladi, dunyo hamjamiyatini yahudiy davlatni jazolashga chaqirdi.

"Milliy birlikka erishishga qaratilgan harakatni davom ettiramiz. Bu g’alabaga erishishning qisqa yo’lidir. Falastin xalqining yagona qonuniy vakili bo’lgan Falastin ozodlik tashkiloti rahnamoligidagi birligimiz biz uchun najot ko’prigidir, ozodlik va mustaqillikka yo’ldir”, - dedi Abbos uning FATH partiyasi va XAMAS harakati o’rtasidagi ko’p yillik nizoni bartaraf etishga qaratilgan harakatlarga ishora qilib.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG