Falastinning XAMAS harakati siyosiy byuro raisi Ismoil Haniyaning o’ldirilishi ketidan uning vakolatini guruhning G’azodagi rahbari Yahyo Sinvarga vaqtincha topshirdi. Bungacha matbuotda Haniyaning o’rnini sobiq rahbar Xolid Mash’al egallagani haqidagi xabarlar o’z tasdig’ini topmadi.
Isroil 7-oktabr hujumlarini rejalaganlikda va boshida turganlikda aybdor deb bilgan Sinvarni bir necha oydan beri o’ldirishga harakat qiladi.
Sinvarning guruh rahbarligiga tayinlanishi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Isroil G’azoda harbiy kampaniyasini oxirigacha davom ettirishi kerak degan ta’kidini kuchaytirishi mumkin.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken taraflarni otashkesimga ko’ndirish muhimligini aytadi.
"Otashkesimga kelishish, urushni yakunlash qarori Sinvar qo’lida. Bu qadar ko’p falastinliklarga zarur otashkesim bo’yicha qaror berish uning zimmasida. XAMAS bilan otishmaga ayollar, bolalar va erkaklar ham tushmoqda”, - dedi Blinken.
Uzoq yillar Isroil qamoqxonasida o’tkazgan Sinvar harakatning shu kungacha omon qolgan qudratli rahbarlaridan hisoblanadi. Ba’zi kuzatuvchilar uni hatto marhum Haniyadan ham radikalroq ekanini, Xolid Mash’alning rahbarlikka qaytishiga qarshi bo’lganini aytishadi.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats Sinvarning XAMASga vaqtincha rahbar etib tayinlaganini shunday izohladi:
“Arxiterrorchi Yahyo Sinvarning XAMASga yangi rahbar etib tayinlangani uni tezroq o’ldirishga, razil tashkilotini esa yer yuzidan yo’qotishga yana bir sababdir”.
61 yashar Sinvar G’azoning Xon-Yunus shahridagi qochqinlar lagerida tug’ilgan, 2017-yilda XAMASning G’azodagi rahbari etib tayinlangan, Isroilning shafqatsiz dushmani sifatida tanilgan.
Tunda Isroil sektorga yana zarba bergan. Dayral Balah shahriga hujumda bir necha falastinlik o’lgan, yaradorlar bor.
“Aksariyat odamlar oyog’idan ajraldi”, deydi voqeaga guvoh bo’lgan Nidal Ashur ismli bir g’azolik.
“Dayral Balah xavfsiz deb bu yerga kelgandik. Aslida xavfsiz joy yo’q ekan”, deydi yana biri.
Urush ko’p odam taqdirini vayron qildi.
"Katta bo’lganimda shifokor, menejer yoki o’qituvchi bo’lishni istaganman. Ammo hozir o’lgim kelyapti”, - deydi 26-iyul kungi hujumda ko’zidan ayrilgan 14 yashar Maysa al-G’andur.
Shu kuni uning 9 yashar singlisi Yara ham qattiq jarohat olgan – tanasi kuygan, bir ko’zi ojiz bo’ldi.
"Dugonalari bilan o’ynayotgan edi. Maktab hovlisiga ikkita tank kirib o’t ochdi”, - deydi ularning onasi.
Shu kunga qadar sektorda Isroil hujumlarida salkam 40 ming odam o’lgan.