Eron va ittifoqchilarining Isroilga keng qamrovli hujumi kutilar ekan, ayrim mamlakatlar fuqarolarini Livan, Eron va Isroilni tark etishga chaqirmoqda, aviakompaniyalar bu mamlakatlarga reyslarini to’xtatmoqda.
Ittifoqchisini himoya qilish maqsadida Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqqa harbiy kemalari va samolyotlarini safarbar etmoqda.
Ayrim kuzatuvchilar Eron dushanba kuni, ba’zilar esa oy o’rtasida hujum boshlashini taxmin qilmoqda, yana kimdir Isroil Eron hujum boshlashini kutmasdan birinchi bo’lib musht ko’tarishini bashorat qilyapti.
“Vaziyatni diplomatik yo’l bilan hal qilishga harakat qilish bilan birga Isroilni Eron hujumidan himoya qilish uchun mintaqaga kuchlarimizni safarbar etyapmiz. Hozirgi sharoitda hech kim mintaqaviy urushdan manfaat ko’rmaydi”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisining o’rinbosari Jon Fayner.
Isroilning Bayrutga hujumida “Hizbulloh” yirik qo’mondonini yo’qotishi ketidan harakat Eron bilan bir paytda Isroilga hujum uyushtirishi mumkin.
Dam olish kunlari “Hizbulloh”ning Isroil tomon otgan o’nlab raketasini Isroilning “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi urib tushirdi.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, vaziyat jiddiylashgudek bo’lsa, Isroil rahbariyati mamlakatni maxsus bunkerdan boshqaradi.
Isroil hujumlarida G'azoda o'nlab odam qurbon
Yakshanba kuni Isroilning G’azoga havo hujumlarida kamida 35 falastinlik o’lgan. Raketalar ikkita maktab va kasalxonaga tekkan. Isroil XAMASga tegishli inshootlar nishonga olinganini da’vo qilmoqda.
O’nlab odam yaralangan.
Kasalxona hududidagi palatkalarda G’azoning boshqa rayonlaridan qochgan minglab odam jon saqlagani aytiladi.
Bundan bir kun oldin Qohirada otashkesim o’rnatishga qaratilgan muzokaralar natijasiz yakunlandi. XAMAS yangi rahbar tayinlanmaguncha muzokarani davom ettirmasligini bildirgan. Harakatga vaqtincha rahbar etib tashkilotni Isroil hujumida yo’q qilingan Ismoil Xaniyagacha boshqargan Xolid Mash’al tayinlandi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, Qohiradagi muzokaralarda XAMAS rejaning asosiy punktlarini qabul qilishdan bosh tortdi.