2016-yilda Donald Tramp prezidentlik uchun kurashar ekan, NATOning biror a'zosiga hujum qilinsa, AQSh uni himoya qilmasligi mumkin, degan gaplari katta shov-shuv va xavotirga sabab bo'lgan.
Tramp Oq uyga qaytishga bel bog'lagan ekan, Shimoliy Atlantika harbiy alyansi o'z xavfsizligi bilan bog'liq masalalarni qayta ko'rib chiqmoqda.
Bu safar NATO a'zolari Amerikaga odingidek tobe emas, deydi tahlilchilar, ular tashkilot oldidagi majburiyat va vazifalarni chuqurroq anglab, ish ko'rishga tayyor.
Ukrainadagi urush Yevropani tinchlikni saqlash borasida jiddiyroq o'ylashga undab, sharqiy chegaralarga e'tiborni oshirgan.
AQShning asosiy diqqati Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, qolaversa Eron va Shimoliy Koreya singari yadroviy qurollanishga urinayotgan davlatlarda.
Yevropa Ittifoqi AQShda bu yil kim prezidentlikka saylansa ham blok o'z xavfsizligi uchun o'zi jon kuydirishi lozim, deydi Josep Borrel, ittifoqi tashqi ishlar vaziri.
32 davlat a'zo blok 75 yildirki, tinchlikni asrashda Amerikaga tayanib keladi. Manfaatlar ancha o'zgargan, deya kuzatadi Malkom Chamers, Londondan siyosiy tadqiqotchi.
"AQSh hamon NATOning katta qismi, ammo uning mutlaq lideri emas, Prezidentlikka nomzod Donald Tramp va uning sherigi JD Vens shunga ishora qilmoqda. Ular fikricha, NATO bugun boshqa bir tashkilot va Yevropa uning yukini ko'tarishi kerak", - deydi Chamers.
NATO aslida Ikkinchi jahon urushi davrida Amerika rasmiylarining maxfiy muloqotlari natijasida vujudga kelgan. Ularda G'arbiy Yevropaga qanday qilib yordam berish, uni SSSR tahdididan himoya qilish, uni qurollantirish haqida gap ketgan. 1949-yilning 4-aprelida 12 davlat Shimoliy Atlantika shartnomasiga imzo chekib, hamkorlikni yo'lga qo'yadi.
NATO harbiy tizimi Yevropa Oliy ittifoq qo'mondonligi nazoratida bo'lib, uni AQShning Yevropadagi harbiy kuchlari qo'mondoni boshqaradi. Amerika bu tashkilot xarajatlarning yarmini ko'taradi.
Tramp vitse-prezidentlik uchun tanlagan Vens NATOning ashaddiy tanqidchisi, shuningdek, Ukrainani quvvatlasga qarshi hamda Yevropani Amerikani suiiste'mol qilganlikda ayblaydi.
Prezident Jo Bayden - NATOning kuchli quvvatlovchisi, lekin u prezidentlik poygasidan chiqdi. Uning o'rniga ko'rsatilayotgan Kamala Harris esa tashqi siyosatda o'tkir hisoblanmaydi, NATO bilan tajribasi deyarli yo'q.
Londondan yana bir ekspert Armida van Rij deydiki, Yevropa va AQSh orasidagi harbiy hamkorlik susayishi mumkin.
Trampning tanqidlari endi o'rinsiz, deydi mutaxassislar, chunki NATOning qolgan 31 a'zosi milliy daromadining kamida 2 foizdan ziyodini blok uchun sarflamoqda.
Ittifoq Ukrainaga ko'makni ham oshirmoqda. Havo kuchlari mustahkamlanmoqda, AQShdan ko'proq qurol va vositalar sotib olmoqda. Ilg'or mudofaa texnologiyasini blok o'zida ham ishlab chiqarishni kengaytirmoqda.
Yevropa ham AQSh kabi Eron va Shimoliy Koreyaning xatti-harakatlaridan tashvishda va ular atom qurollariga ega bo'lmasligi uchun Vashington bilan birga ishlashda davom etadi.
Yevropa davlatlari qo'shin, tanklar, samolyotlar va qurollar sonini ko'paytirish payida.
NATOning yangi a'zolari Finlandiya va Shvetsiya uchun ham Rossiya solayotgan tahdiddan himoyalanish hamda Ukrainani quvvatlash birlamchi vazifalar qatorida.
Ekspertlar har ikki davlatning harbiy salohiyatini yuqori baholaydi - yirik armiyalarga ega, qurol sanoati rivojlangan.
Ukrainaga yordamga qarshilik AQSh Kongressida avjiga chiqqan paytda Yevropa Vashingtonga bu borada tayanish qolish xato degan xulosaga keldi. Tramp prezidentlikka kelsa, deydi tahlilchilar, Kiyevga madad ozayishi mumkin. Yevropa bunga tayyor turishi lozim.