Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, agar Isroil va XAMAS G’azoda otashkesimga kelishib olsa, Eron Isroilga hujumidan voz kechishi mumkin. “Reyter” axborot agentligi Eronning yuqori lavozimli uch rasmiysi bilan suhbatdan shunday xulosaga kelgan.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfildning aytishicha, uning mamlakati Yaqin Sharqda haroratni tushirishga, bo’lajak hujumlarning oldini olishga, mintaqaviy mojarolardan qochishga intilmoqda.
"Bu G’azoda garovda ushlab turilgan odamlarni ozod etishni o’z ichiga olgan otashkesim bo’yicha kelishuvga erishishdan boshlanadi”, - dedi u BMT Xavfsizlik Kengashidagi majlisda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden nazarida ham agar G’azoda otashkesim kuchga kirsa, Eron Isroilga hujum qilmasligi mumkin.
Eron bungacha uning Isroilga zarba berish rejasi G’azoda tinchlikni o’rnatishga qaratilgan harakatlar bilan bog’liq emasligini bildirgan.
Ayrim manbalarga ko’ra, Eron Isroil va uni himoya qilishini ta’kidlab kelayotgan AQShga harbiy jihatdan bas kela olmasligini, kattaroq urush boshlangan taqdirda jiddiy zarar ko’rishini, uning yadro dasturi ishdan chiqishini anglamoqda.
Eron tuzumiga muxolif “Eron International” nashrining xabar berishicha, Tehron yadro qurolini yaratishga yaqin turibdi.
Shu bilan birga, Eronning Press TV telekanali qurolli kuchlar Isroil tashqi razvedkasi Mossadga tegishli inshootlarga zarba berishi mumkin, chunki XAMAS rahbari Ismoil Haniyaga qarshi hujum ortida aynan Mossad turgani aytilmoqda.
Bu o’rtada BMT bosh kotibining o’rinbosari Rozmeri Dikarlo Isroilning 10-avgust kuni G’azo shahridagi maktabga hujumda 100 ga yaqin odamning o’limini afsus bilan tilga olib, otashkesimga qaratilgan harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.
Isroil maktab hududida XAMAS va “Islomiy jihod” jangarilari bo’lganini da’vo qiladi.
Isroil o’tgan tunda Dayral Balah shahridagi al-Mag’azi qochqinlar lagerini ham nishonga olgan. Kamida 4 odamning o’lgani xabar qilinmoqda.
Isroil hujumida, shuningdek, shanba kuni tug’ilgan egizaklar, ularning onasi va buvisi nobud bo’lgan.
Muhammd Abu al-Qumsan ismli ota shu kuni chaqaloqlar uchun tug’ilganlik haqida guvohnoma olish uchun uydan chiqqan edi.
“Ularning hayotga kelganini nishonlashga ham ulgurmadim. Ular Kesar yo’li bilan tug’ildi. Rafiqam hali o’ziga kelmagan, o’rnidan turmagan edi”, - deydi u.
O’tgan yil oktabridan beri G’azoda o’lganlar soni 40 mingga yaqinlashmoqda. Yana ancha odamning jasadi vayronalar ostida qolayotgani ma’lum.