Breaking News

Isroil G’azoda bolalarni poliomiyelitga qarshi emlashga ruxsat berdi


Falastinda so'nggi 25 yilda falaj bilan kasallangan ilk bola
Falastinda so'nggi 25 yilda falaj bilan kasallangan ilk bola

Isroil G’azoda bolalarni poliomiyelitga qarshi emlashga imkon berish maqsadida gumanitar tanaffuslar e’lon qilishi ma’lum bo’ldi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti vakillari kelayotgan yakshanbadan boshlab kundalik 9 soatlik tanaffus paytida 10 yoshgacha bo’lgan 640 mingga yaqin bolani emlashi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 30-avgust, 2024-yil - G'azolik bolalar falajdan emlanadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

Shu maqsadda G’azoga vaksinaning 1,2 millionta dozasi yetkazilgan, yana 400 mingta doza yo’lda.

“G’azoda kasallik tarqalishini to’xtatishimiz, tashqariga yoyilishining oldini olishimiz kerak”, - deydi tashkilot xodimi Rik Piperkorn.

Unga ko’ra, emlash G’azo markazida boshlanib uch kun davom etadi, so’ng mutaxassislar sektorning janubiy va shimoliy qismlariga boradi.

O’tgan oy G’azoda so’nggi 25 yilda ilk poliomiyelit holati aniqlandi.

“O’g’lim tikka turolmayapti, oldingiday emaklash ham yo’q. Yoshi salkam birda. Bu yoshda bolalar yura boshlashi kerak, ammo Abdulrahmon endi na yuryapti, na emaklayapti”, - deydi yolg’iz farzandning onasi.

Poliomiyelit umrbod falajga olib kelishi, boladan bolaga, axlat, zararlangan taom va suv orqali o’tishi mumkin. G’azoda esa oqava suvi, ichimlik suvi va sanitariya tizimlari ishdan chiqqan. Virusni vaksina bilan to’xatsa bo’ladi.

Isroilning BMTdagi yangi elchisi Denni Denon uning mamlakati emlash jarayoniga to’siq qo’ymasligini aytdi.

BMT bosh kotibining gumanitar masalalar va favqulodda yordam bo’yicha o’rinbosari Joys Msuya vaziyat og’ir ekanini aytadi.

“Insoniyligimizga nima bo’ldi deb so’raging keladi”, - deydi u.

Isroil gumanitar tanaffus orqali falastinlik bolalarning emlanishiga imkon yaratish bilan birga harbiy amaliyotlari orqali mana shu bolalarni o’ldirishda ham davom etmoqda.

G’azoning Nuseyrat qochqinlar lageriga zarbada payshanba kuni kamida 8 odam o’lgan.

Isroil G’arbiy Sohilda ham harakatlanmoqda. Juma kungi hujumda Jenin shahrida XAMAS qo’mondoni Vassem Hazem va uning ikki safdoshining o’ldirilgani aytilmoqda. Isroil Tulkarm shahrida “Islomiy jihod”ning mahalliy qo’mondoni va yana 4 ta jangchisi yo’q qilinganini da’vo qiladi.

AQShda Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Kamala Harris Jorjiyada saylovchilar bilan uchrashuv paytida G’azoda otashkesim bo’lishi uchun harakat qilayotganini aytdi.

“Garovdagilarni ozod etish va otashkesimga kelishish ustida prezident bilan surunkali ish olib boryapmiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG