Isroil Eronning yuzlab raketa hujumlariga javobi qattiq bo’lishini bildirmoqda. Ballistik raketalar qanday nishonlarni urgani hozircha ma’lum emas. Eron o’z hujumlarining muvaffaqiyatini bo’rttirib ko’rsatishga, talafotlari haqidagi ma’lumotlarni o’tgan yildan beri senzura qilayotgan Isroil esa zarar ko’lamini kamaytirib ko’rsatishga harakat qilyapti.
Xususan Tehron 180 dan ortiq ballistik raketa uchirib, Isroil razvedkasi “Mossad”ning Tel-Avivdagi qarorgohini, Negev sahrosidagi “Nevatim” harbiy aviabazasini, Rexovot shahri yonida joylashgan “Tel Nof” harbiy-havo bazasini nishonga olganini, 20 ta F-35 samolyotini vayron qilganini, “Fattoh” deb nomlanuvchi gipertovushli raketasini ilk bor qo’llaganini, raketalarning 80 foizi nishonga yetib borganini da’vo qilmoqda.
Isroil esa zarar ko’lami jiddiy emasligini, Eron raketalarining aksariyatini havo mudofaasi tizimi urib tushirganini, mamlakatda hatto bir kishi jarohat olmaganini bildirmoqda.
AQSh va Iordaniya ham Eron raketalarini nishonga olishda Isroilga yordam bergani ma’lum.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Isroilga hujumni Oliy diniy rais Oyatulla Ali Xomeneiy buyurgan, Eron Prezidenti Masud Pezeshkian bundan bexabar bo’lgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag’chi hujumdan so’ng Yevropadagi ayrim davlatlarga qo’ng’iroq qilib, vaziyatga aralashmaslikka chaqirgan, Shveysariya orqali bu haqda AQShni ham ogohlantirgan.
Eron Isroilni XAMAS rahbari Ismoil Haniyaning Tehronda o’ldirilishi va Livanga hujumlari uchun jazolaganini, XAMAS bilan otashkesim bo’lishiga umid qilib, sabrli bo’lganini bildirmoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Eron hujumlari samarasiz bo’lganini aytadi.
"AQSh Isroilni to’liq qo’llaydi, bunga shubhangiz bo’lmasin”, - dedi u.
G’azoda, Eron, Iroq hamda musulmon dunyosidagi yana bir necha mamlakatda aholi Isroilga hujumlarni olqishladi.
Eron Isroil harbiy inshootlarini nishonga olganini, hujumlari tinch aholiga qarshi qaratilmaganini ta’kidlaydi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu javob chorasi qattiq bo’lishini aytdi.
"Eron katta xatoga yo’l qo’ydi va buning uchun javob beradi. Erondagi rejim o‘zimizni himoya qilish va dushmanlarimizdan o‘ch olish qat’iyatimizni tushunmayapti”, - dedi u.
AQSh Davlat departamenti dunyo mamlakatlarini Eronning Isroilga hujumlarini qoralashga chaqirdi.
Demokratik partiyadan prezidentlikka da’vo qilayotgan AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Eronni Yaqin Sharqda xavfli va beqarorlashtiruvchi kuch deb atadi, Vashington Isroil xavfsizligiga sodiq ekanini aytdi.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni Eron hujumlarini qoralamaganlikda ayblab, uni persona non-grata deb e’lon qildi, Guterrish Isroildan nafratlanishini, terrorchi va qotillarga yordam berishini da’vo qildi.
Mutaxassislarga ko’ra, Isroil Tehron hujumlariga javob tariqasida Eron yadro inshootlariga zarba berishi mumkin.
Eron Qurolli kuchlari bosh shtabining boshlig’i general Muhammad Bag’ir Isroil hujum qilishga jur’at etsa, Tehronning javobi yanada qattiq bo’lishi haqida ogohlantirdi.
Eron katta urushga tortilish niyati yo’qligini bildirmoqda.
Eron Oliy diniy raisi Xomeneiy mintaqadagi urushlar va ziddiyatlarda AQSh va Yevropa davlatlarini aybladi, ular mintaqadan chiqsa, undagi mamlakatlar o’zaro kelishib olishga qodir ekanini aytdi.
Isroilning javob hujumi kamomad keltirib chiqarishidan xavotirga tushgan tehronliklar benzin g’amlashga shoshildi.
Bu o’rtada Tel-Avivning Yaffo mahallasida ikki kishi ko’chada odamlarga hujum qilgan, kamida 7 nafarini o’ldirgan, yana 11 kishini yaralagan, so’ng o’zlari ham yo’q qilingan.
Eron hujumlariga qaramay, Isroil Livanni bombardimon qilishda davom etmoqda. Chorshanba tongda poytaxt Bayrut atrofi hujumga uchragan. Isroil aholini evakuatsiyaga chaqirdi.
So’nggi ikki haftada Isroil hujumlarida Livanda 1900 dan ziyod odam o’lgan, 9000 dan ko’pi yarador.
“Hizbulloh” ilk bor Isroil armiyasi bilan to’qnashgani xabar qilinmoqda. Harakat Livan janubiga kirgan yahudiy askarlarga jiddiy talofat yetkazganini da’vo qilmoqda.
Isroil G’azoda ham amaliyotlarini to’xtatgani yo’q. Bundan bir kun oldin Nuseyrat qochqinlar lageriga havo hujumlarida kamida 13 falastinlik nobud bo’lgan.
“Uxlayotgan 14 kishini nishonga olishdi, kattalar va bolalarni. Ular hech narsa qilmagan edi. Uxlashayotgan edi”, - deydi g’azolik bir odam.
Isroil Xon-Yunus va G’azo shahriga ham zarba bergan, 17 kishining o’lgani xabar qilinmoqda.
XAMAS jiddiy zarar ko’rganiga qaramay, Isroil armiyasini nishonga olishda davom etmoqda.