Breaking News

Harris va Trampning Eron bo’yicha pozitsiyasi qanday?


AQShda prezidentlikka asosiy nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp Isroilni Eron va hamkorlarining Isroilga qarshi tahdidlaridan himoya qilishga so’z bermoqda. Arboblar prezidentlikka kelsa, bu masalda qanday siyosat yuritadi va ularning yondashuvi nimasi bilan farq qiladi?

Xalqaro hayot - 16-sentabr, 2024-yil - Tramp hayotiga yana bir suiqasd harakati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:32 0:00

AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris Erondan taralayotgan tahdidlarni bartaraf etishda qat’iy qarorlar qabul qilishga so’z bermoqda.

“Qo’shinlarimiz va manfaatlarimizni Eron va unga xayrixoh terrorchilardan himoya qilishda zarur chora ko’rishga hech ikkilanmayman”, - degan edi Harris partiyasining avgust oyidagi qurultoyida.

Respublikachi nomzod va sobiq prezident Donald Tramp bilan yaqinda o’tgan teledebat chog’ida Harris Isroilni himoya qilishga va’da berdi.

“Men hamisha Isroilni o’zini himoya qilish salohiyati bilan ta’minlayman, ayniqsa Eronga hamda Eron va proksilaridan Isroilga qarshi taralayotgan har qanday tahdidga kelganda”, - dedi vitse-prezident.

Eron aprel oyida Isroil tomon o’nlab raketa va dron uchirganida Bayden va Harris ma’muriyati ularni urib tushirishda yordam berdi, Eronni bo’lajak hujumlardan qaytarish uchun avgustda mintaqaga harbiy kemalar safarbar etdi.

Harrisning bunday yondashuvini ayrim vatandoshlari olqishlashi mumkin, deydi tahlilchi Maykl Oxanlon.

“Harris amerikaliklar urushdan charchaganini, unda yangi urush boshlash niyati yo’qligini bilishni istashlarini biladi. Ammo mudofaaga kim ham yo’q deydi? Amerikaliklar hujumkor urushdan charchagan”, - deydi Oxanlon.

Shu bilan birga, Bayden-Harris ma’muriyati Eron proksilarining avgust oyida AQShning Iroq va Suriyadagi harbiy bazalariga hujumlari kuchayganini ham ko’rmoqda.

“AQSh bunga javob qaytarmadi, himoya holatini saqlab turibdi. Biroq Eron buni o’zgacha talqin qilayotganidan xavotirdaman. Eron provokatsiya va eskalatsiyalarni o’z shartlariga ko’ra davom ettirishidan, AQSh esa tashabbusni qo’lga olmay, faqat javob berish bilan cheklanishidan tashvishdaman”, - deydi Vashingtondagi “Xeritij jamg’armasi” tahlil markazidan Viktoriya Kouts.

Tramp prezidentligi paytida Eronni har qanday zararli xatti-harakatlari uchun jazolaganini eslatdi.

“Xitoy va boshqa mamlakatlarga “agar Eron bilan savdo qilsangiz, mamlakatimizda biznes qilishga ruxsat bermaymiz, bizga yuborayotgan har bir mahsulotingizga 100 va undan ko’p foiz miqdorida tariflar qo’yamiz” deb aytganman”, - deydi Tramp.

Debat paytida Tramp Bayden-Harris ma’muriyatini Eron va proksilarini boyitib, bosimni yumshatganlikda aybladi.

Respublikachi nomzod Eron tahdidini bartaraf qilishga va’da berdi, ammo bu ishni qanday amalga oshirishini aytmadi.

“Yaqin Sharqda nimalar bo’layotganini ko’rib qo’ying. Men muammoni tez hal qilaman”, - deydi u.

Tramp prezidentligi paytida ikki yil davomida Eronga maksimum bosim qo’ydi.

Tramp o’sha strategiyasini davom ettirishi haqida so’z ochmayotgani Eron masalasida yangi siyosat yuritishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Harris ham, Tramp ham Eron yadro bombasini yaratsa, qanday javob berishini bildirgani yo’q. Tehron ayni paytda shu yo’nalishda ish olib borayotganini yashirmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG