Breaking News

Harris-Tramp: Debat qanday kechdi?


AQShda prezidentlikka nomzodlar - respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamala Harris debatni bir-biriga qo'l berib boshladi. Filadelfiya, 10-sentabr, 2024.
AQShda prezidentlikka nomzodlar - respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamala Harris debatni bir-biriga qo'l berib boshladi. Filadelfiya, 10-sentabr, 2024.

Oq uy uchun kurash yanada avj olib, bugun AQShda prezidentlikka nomzodlar bahslashdi. Respublikachi, sobiq prezident Donald Tramp va demokrat, Vitse-prezident Kamala Harris orasidagi ilk debat tarixiy shahar Filadelfiyada bo'lib o'tdi. AQSh mustaqillik deklaratsiyasi shu shaharda bundan 248 yil oldin imzolangan.

Xalqaro hayot - 11-sentabr, 2024-yil - AQSh Ukrainaga Rossiya hujumlariga ruxsat beradimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:22 0:00

O'shanda davlat asoschilari liberal va konservativ g'oyalar ustida olishgan bo'lsa, ikki yarim asr o'tib ham Amerika siyosiy maydonida shu ikki mafkura vakillari hukmron.

Prezidentlik demokratlar, ya'ni liberallar qo'lidan respublikachilar, ya'ni konservatorlar qo'liga o'tadimi?

Ommaviy so'rovlarda Amerika nafaqat Oq uy, balki Kongressda kim o'tirishi borasida ham qoq ikkiga bo'lingandek. Oradagi farq salmoqli emas. Prezident uchun berilgan ovozlarda ham odatda farq katta bo'lmaydi.

Tramp deydiki, demokratlar boshqaruvga aslo qayta saylanmasligi kerak, chunki ular Amerikaning tub qadriyatlarini buzmoqda, har sohada.

Harris ham respublikachilar, xususan Tramp haqida shunday qarshilik va xavotirlarni bildiradi.

Debatni Meyn shtatida tomosha qilayotganlar, 10-sentabr, 2024
Debatni Meyn shtatida tomosha qilayotganlar, 10-sentabr, 2024

Debat ikki nomzod bir-biriga qo'l berib ko'rishishi bilan boshlandi. Iyun oyida o'sha paytdagi raqibi Prezident Jo Bayden bilan bunday qilmagan Tramp Harris bilan xushmuomala bo'lishga uringani debatni ijtimoiy tarmoqlarda ko'rayotgan ommani hayajonlantirib yubordi.

Mamlakatning o'zida "ABC" kanali orqali o'nlab million odam kuzatgan voqea, deydi tahlilchilar, Amerika demokratiyasining jadal ekanini ko'rsatdi.

Raqiblar orasidagi keskin farqlar har bir savolga javobda sezildi, hatto nomzodlar savollardan qochgan holatda ham. Zalda tomoshabin bo'lmadi, faqat Tramp, Harris va debat boshlovchilari. Mikrofonlar faqat nomzodlar uchun ajratilgan vaqtda yoqildi. Debatning bunday shartlarini ular oldindan qabul qilgan.

Harris bahsni iqtisoddan boshladi, Tramp esa immigratsiya va turli farazlardan. Vitse-prezident ishchilar manfaatlarini himoya qilish kerak desa, sobiq prezident liberallar Amerikani hujjatsiz immigrantlarga to'ldirib, aholi hayotini qiyinlashtirmoqda, uni xavf ostiga qo'ymoqda, deya bong urdi. Uning fikricha, mamlakatda qariyb 12 million hujjatsiz xorijlik yurganida liberal siyosat aybdor. Harris Trampning bunday pozitsiyasini qoraladi.

Milliy konstitutsiya markazi, Filadelfiya, AQSh, 10-sentabr, 2024
Milliy konstitutsiya markazi, Filadelfiya, AQSh, 10-sentabr, 2024

Demokrat nomzod respublikachilarni abort huquqlarini cheklaganlikda aybladi, Tramp esa bu masalani chuqurroq muhokama qilishdan tortindi. Respublikachi nomzod oldingi chiqishlarida aytganki, abort bilan bog'liq qonunchilik, Oliy sud belgilaganidek, shtatlar ixtiyorida bo'lishi kerak.

Har ikki nomzod ish o'rinlari yaratish va ishsizlik borasida asossiz da'volar qildi.

Harris prezidentlik poygasiga ikki oygina oldin kirgani uchun ko'proq o'z dasturini tushuntirishga urindi.

Tramp esa shu kungacha bosib o'tgan murakkab yo'lini jasorat deya ta'riflashgan harakat qildi.

Harris Trampni 2020-yilgi saylovda boy berganini tan olishga haddi sig'may tarafdorlarini Kongressga hujum qilishga jo'natgan qo'rqoq deb ta'rifladi.

Amerika aslo orqaga qaytmasligi lozim, dedi u, raqibini demokratiya dushmani sifatida izohlar ekan.

Tramp bu gaplarni inkor etib, to'rt yil oldingi saylovlarni adolatsiz o'tgan, deya tanqid qildi. Unga ko'ra, amerikaliklarning deyarli 75 millioni o'shanda uni tanlagan va bu qadar ko'p ovozni tarixda qayta saylanishga uringan biror prezident olmagan.

2021-yilning 6-yanvarida Kongressda amalga oshirilgan zo'ravonliklardan afsusdamisiz, deb so'ralganda Tramp demokratlarni aybladi.

Tramp va Harris Ukraina yuzasidan ham bahslashdi, Filadelfiya, 10-sentabr, 2024
Tramp va Harris Ukraina yuzasidan ham bahslashdi, Filadelfiya, 10-sentabr, 2024

Tashqi siyosatga kelganida, Ukrainadagi urush yuzasidan ikki tomon bir-biridan nagadar yiroq ekani sezildi.

"Donald Tramp bu urushni 24 soat ichida to'xtatmoqchi. Bu degani u boy berishga shay, chiqib ketadi. Bu esa Amerikaga xos ish emas", - deydi Harris.

Tramp esa bu urushda norasida odamlar o'lmoqda va uni nima qilib bo'lsa-da, bas qilish lozim, deydi.

"Men murosa yo'lini topaman, urushdagi har bir taraf bilan gaplashaman", - deydi u.

Harris uchun esa Bayden prezidentligi davrida Ukrainani quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqargani ulkan yutuqdir.

“Yordam berganimiz uchun, Ukraina o'zini havodan himoya qilishi, zarur qurollarga egaligi uchun bugun ham mustaqil va erkin davlatdir. Donald Tramp prezident bo'lganida Putin hozir Kiyevda o'tirgan bo'lar edi", - deydi Harris.

O'tmishda Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinni "aqlli" deya maqtaganiga demokratlar doim ishora qilib, uni Ukrainani ayamaydigan, urushni to'xtatish uchun bu davlat manfaatlariga ko'z yumadigan inson, deb biladi.

Ukraina yutishini istaysizmi, deb so'ralganida Tramp "eng muhimi, urushni to'xtatish", deb aytdi.

Demokratlar nazarida u Amerikaning dunyo bilan aloqalarini buzadigan odamdir.

Respublikachi nomzod fikricha, Bayden va Harris davrida AQSh tinimsiz "sharmanda" bo'ldi, jumladan Afg'onistonni tark etar ekan. Milliardlab dollarlik qurol-aslaha ortda qoldi, isrof qilindi, deydi u.

Harrisga ko'ra esa Afg'onistonda chiqish uchun to'rt prezident harakat qilgan va bu ishni Bayden eplagan.

Bugungi debatda eng ko'p vaqt nomzodlarning shaxsiyatini muhokama qilishga sarflandi. Keyingi o'rinlarda esa iqtisod va abort bilan bog'liq masalalar. Tashqi siyosat, immigratsiya va sog'liqni saqlashga jami yarim soat ketgan.

Debatda Tramp 40 minut vaqtni egallagan bo'lsa, Harris jami 30 minut so'zlagan.

Sahnadan ular bir-biriga qo'l bermay chiqib ketdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG