Breaking News

7-oktabr voqealarining bir yilligi turli joyda turlicha xotirlanmoqda


XAMAS Isroilga hujum qilib, mingdan ortiq odamni o’ldirganiga, 250 isroillikni garovga olganiga bir yil to’ldi. XAMAS harakatlari Isroilning javob hujumiga sabab bo’ldi, Isroil armiyasi G’azoda hanuz harbiy harakatlarini to’xtatgani yo’q, XAMAS 100 ga yaqin odamni haligacha garovda ushlab turibdi, Isroil hujumlarida salkam 42 ming falastinlik nobud bo’ldi.

Xalqaro hayot - 8-oktabr, 2024-yil - Falastinlik jurnalistlar fojiali davrni boshdan kechirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:45 0:00

Dushanba kuni Isroilning G’azoda “Bureyj” lageriga zarbasida kamida 15 kishi o’lgan. Lagerda zo’ravonliklardan qochgan minglab odam jon saqlamoqda.

7-oktabr voqealari AQShda ham xotirlandi. Prezident Jo Bayden va uning rafiqasi qurbonlar xotirasiga sham yoqdi, vitse-prezident Kamala Harris va turmush o’rtog’i ko’chat ekishdi.

“G’azoda garovda saqlanayotgan odamlar va oilalarini qovushtirishimiz kerak. Ular ozod bo’lishi uchun kurashishda davom etaman”, - dedi Harris.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Quddus shahrida AQShning ikki senatori bilan uchrashdi.

“Bu Xolokostdan beri yahudiy xalqiga qilingan eng qattiq hujum bo’ldi. Ammo Xolokostdan farqli o’laroq, bu gal biz olishyapmiz, arslonlar kabi kurashyapmiz. Amerika hukumatining yordami bilan”, - dedi u.

AQSh senatori Lindsi Grem yil oxirigacha Isroil va Saudiya Arabistoni o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatishga chaqirdi.

Isroil nafaqat G’azoda, balki Livanda ham harbiy harakatlar olib bormoqda, “Hizbulloh”ga qarshi kurashayotganini da’vo qilmoqda. Isroilning Livanga hujumlarida 100 dan ziyod bola o’lgan.

Kuzatuvchilar tinchlik hali-beri bo’lmasligini taxmin qiladi.

“Garovdagilar ozod etilmasa, Isroil hukumati otashkesimga rozi bo’lishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Vashingtondagi Rend korporatsiyasining tahlilchisi Rafael Koen.

Musulmon dunyosi 7-oktabr voqealarining bir yilligini namoyishlar bilan xotirladi. Istanbul va Anqarada minglab odam to’planib, Isroil hujumlarini qoraladi, Prezident Rajab Toyib Erdog’an Netanyaxuni yana Gitlerga qiyosladi.

AQSh, Yevropa va Osiyoda Isroil va Falastinga xayrixoh namoyishlar o’tkazildi.

“Bir yildan beri begunoh insonlar, bolalar o’lyapti, ayollar o’lyapti. Dunyo bu qatliomni to’xtatishi kerak, ertaga emas, bugun”, - deydi nyu-yorklik bir musulmon.

“Terrorchilar ko’p oilalarni o’ldirdi, bu qatliom edi, qubonlar oilalarini qo’llab-quvvatlash uchun chiqdim”, - deydi Madridda Isroilga xayrixoh namoyishda qatnashgan ispaniyalik.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkiloti Livanda oziq-ovqat tanqisligidan, yuqumli kasalliklar tarqalishi ehtimolidan xavotir bildirdi.

“Mintaqaviy urush o’rtasidamiz hozir. Mojaro chegaraning har ikki tarafida yashovchi oilalarni bir-biridan ayirdi, muhim oziq-ovqat ta’minot zanjirini barbod qildi. Mojarogacha oziq-ovqat tanqisligidan qiynalgan millionlab odamlarning uylari, turmush tarzi vayron bo’ldi”, - deydi tashkilot xodimi Abir Etefa.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Isroil Eronga zarba berishga hozirlanmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda, deydi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag’chi, Tehronning javobi yanada qattiq bo’ladi.

Isroil Eronning neft va atom inshootlariga hujum qilishi mumkinligi aytilmoqda.

XAMAS yetakchisi Xolid Mash’al Isroildan ko’rilgan jiddiy talafotlarga qaramay, harakat o’zini tiklab Isroilga qarshi kurashni davom ettirishini bildirdi.

"Falastin tarixi bosqichlardan iborat. Shahidlarni boy beramiz, harbiy salohiyatimizning bir qismini yo’qotamiz, ammo so’ng ruhimiz yangidan ko’tariladi”, - deydi u.

Mash’al XAMAS yoshlarni o’z safiga yollashda, qurol ishlab chiqarishda davom etayotganini bildirdi.

Isroil seshanba kuni Xayfa shahriga va atrofdagi hududlarga 105 ta raketa uchirilganini, aksariyati urib tushirilganini ma’lum qildi.

Isroil o’z navbatida Bayrutni nishonga olishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG