Mixail Saakashvili partiyasining mag'lubiyatini tan oldi

  • Amerika Ovozi

Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili, Tbilisi, 1-oktabr, 2012-yil.

Kecha Gruziyada o’tgan parlament saylovlarida muxolif koalitsiya g’alaba qozongan. Prezident Mixail Saakashvili hukmron partiya mag’lubiyatini tan oldi.

Saylov tugaganidan so’ng har ikki tomon rahbarlari g’alabaga erishganini da’vo qilganiga qaramay, bir kun o’tar-o’tmas Saakashvili uning Birlashgan milliy harakati partiyasi saylovlarni boy berganini tan olib, muxolifatdan yangi hukumat tuzishda yordamini ayamasligini aytdi.

Shu paytga qadar ovozlarning chorak qismi hisoblab bo’lingan. Saakashvili boshliq partiya 42 foiz, milliarder Bidzina Ivanishvili yetakchiligidagi “Gruziya orzusi” koalitsiyasi esa 53 foiz ovoz to’plagan.

Yangi parlament yangi bosh vazirni saylaydi. Yangi konstitutsiyaga ko’ra esa, kelasi yildan boshlab prezidentning ayrim vakolatlari bosh vazirga o’tadi va bu lavozimning nufuzi oshadi. Saakashvilining ikkinchi prezidentlik muddati yanvar oyida tugab, yangi muddatga saylana olmaydi.

Bidzina Ivanishvili mamlakat farovonligi yo’lida barcha bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga so’z berdi.

“Eski hukumatdan hech kim tazyiqqa olinmaydi, sudga berilmaydi. Qing’ir ishga aloqasi bo’lmasa, albatta”, - dedi Ivanishvili.

Muxolifatning minglab tarafdorlari poytaxt Tbilisidagi Ozodlik maydonida to’planib, g’alabani nishonlamoqda.

21 yoshli talaba Giorgi Ivanidzening aytishicha, g’alaba “Gruziya orzusi” tomonda va hech kim bu yutuqni tortib ololmaydi.

"Parlament bizniki bo’ladi", - deydi u.

Rejissyor Temur Butikashvilining aytishicha, Gruziyada hokimiyat ilk bor saylov orqali almashdi.

“Saakashvilidan umidimiz katta edi. Amerikada o’qigan edi. Fikrlashi amerikacha bo’ladi deb o’ylagan edik. Ammo u demokratdan avtokratga aylanishga ulgurdi”, deydi 52 yoshli kinochi.

Hukmron partiya qonunchilik organidagi o’rinlarning uchdan bir qismini boy berganini taxmin qilmoqda. Ammo ko’pchilik o’rinlar qaysi tomonda bo’ladi, hozircha 100 foiz aniq aytish mumkin emas.

Birlashgan milliy harakat so’zlovchisi Giorgi Xachidzening aytishicha, muxolifat mutlaq g’alabaga erishdik deb, provokatsiyaga qo’l urishi mumkin, ammo hukumat buning uchun tegishli choralar ko’rgan.

Deputatlar partiyaviy ro’yxatga ko’ra (77 o’rin) va bir mandatli okrug bo’yicha (73 o’rin) saylangan. Partiyalar besh foizlik dovondan o’tishi kerak bo’lgan.

Saakashvili ta’biricha, Ivanishvili Gruziyani G’arbdan uzoqlashtiradi. Muxolif rahbar esa prezidentni Rossiya bilan urushga yo’l qo’yib, katta xato qilganini aytadi.

Ivanishvili Rossiya bilan aloqani yaxshilaymiz, shundagina uning bozorlari yana gruzin mahsulotlariga ochiladi, dedi.

Ivanishvilining aytishicha, Gruziya NATOga a’zo bo’lish rejasidan qaytmaydi, ammo Saakashvili xohlaganidek, katta geosiyosiy o’yinchi bo’lmaymiz. “O’z o’rnimizni bilib, mintaqada faol bo’lishga harakat qilamiz” dedi u.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari guruhi saylovlarni olqishlab, Gruziyada chuqur demokratik jarayonga guvoh bo’lganini bildirdi.