Gruziya Prezidenti Georgiy Margvelashvili AQSh va xalqaro hamjamiyatni Rossiyaning o'sib borayotgan tahdidini jiddiy olishga chaqirdi. Rossiyaning xorijdagi saylovlarga aralashishi va o'z hududidan tashqarida qotilliklarga qo'l urishi G'arb davlatlari milliy xavfsizligi uchun katta tahdiddir, dedi u.
"AQShda hozir ayni payti. Londonda ham ayni zamoni. Bryusselda ham. Rossiya tahdidi barcha davlatlar uchun qanchalik katta ekanini anglash zamoni", - dedi Gruziya rahbari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
"Londonda qotilliklarni ko'rdik. Tshkinvalida zaxiradagi gruziyalik tinchlikparvarni o'ldirishdi", - deya qo'shimcha qildi u.
Margvelashvilining aytishicha, Rossiya xatariga yo'liqqan davlatlarni birlashtiradigan umumiy muammolar bor. Biz o'z qadriyatlarimizni himoya qilishimiz, tinchlik va xavfsizlik uchun birgalikda chora ko'rishimiz kerak, dedi u.
Rossiya Britaniyada nerv gazi bilan zaharlangan rossiyaliklar ishiga aloqasi borligini inkor etmoqda. Britaniya, Fransiya, Germaniya va AQSh esa hodisani birgalikda tanqid qildi va aybni Moskvaga yukladi.
Gruziyadagi Rossiya tanklari
Gruziyada Rossiya tanklari 2008-yilgi 5 kunlik urush ortidan mamlakat hududining 20 foizini nazorat qilib turibdi. Rossiya Ukrainaning ham bir qismii o'ziga qo'shib olish niyatida, deydi ayrim kuzatuvchilar.
2013-yil prezident bo'lgan Margvelashvili shu hafta Vashingtonda Kongress a'zolari bilan uchrashmoqda. Uchrashuvlarda Rossiya tahdidi va unga qarshi choralar ko'rish masalasi ham ko'riladi.
NATOga a'zolik
Gruziya rahbari mamlakatining NATOga qo'shilish harakatlariga ham AQShdan yordam ko'rsatilishini istamoqda. Bu davlat 2002-yildan beri harbiy alyansga qo'shilish harakatida. Alyans yetakchilari 2008-yil a'zolikka qabul qilish haqida va'da berishgan, ammo haligacha bu amalga oshgani yo'q.
Tanqidchilar nazarida Gruziya a'zolikka tayyor emas. Buning uchun mamlakat aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini oshirishi kerak, deydi ular.
"Gruziya tayyor"
Margvelashviliga ko'ra, Gruziya barcha shartlarni bajargan.
"Gruziya NATOga qo'shilish ahdida qat'iy. Biz tayyormiz va NATO a'zoligiga arziymiz", - dedi u.
"Vashington va Bryusselda Gruziyaning demokratik taraqqiyoti haqida savollar bor. Agar sud tizimini isloh qila olmasak, demokratiyamiz uchun va Yevropa oilasidagi o'rnimiz uchun katta to'siq bo'ladi", - deya qo'shimcha qiladi u.
NATO yetakchi rasmiylaridan birining aytishicha, Gruziya alyansga butun holida qo'shilishi kerak.
"Rossiya Gruziyadan ajrab chiqqan ikkita hududni tan olishni bas qilishi kerak", - deydi u.