Breaking News

NATO kelajakda qanday tashkilotga aylanadi?


NATO kelajagi qanday?
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:04:53 0:00

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, ildizi Yevropa va Shimoliy Amerikaga borib taqaladi. Ammo global tahdidlar ko’payishi bilan alyans ham faoliyat doirasini kengaytirmoqda, xususan Osiyo-Tinch okeani regionida.

28 davlat a'zo bu blokda Amerika eng yirik kuch. Tashkilotning 252 million dollarlik byudjetining 22 foizi Vashingtonning hissasi. Barcha a'zolarning mudofaa uchun xarajatini qo'shib hisoblasak, qariyb 1 trillion dollarga yetadi. Xo'sh, bu holi bilan NATO kelajakda qanday ittifoq bo'ladi?

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish evaziga raketa sinovlarini to’xtatib turishga rozi. Ammo bu Pxenyan yadro programmasidan voz kechadi degani emas.

NATO rahbari Yens Stoltenbergga ko’ra, Shimoliy Koreya - global tahdid. NATO qo’l qovushtirib o’tirmaydi.

"Shimoliy Koreya o’zi joylashgan region bilan cheklanib qolmayapti. Yaqin orada AQShni ham, Yevropani ham ura oladigan raketalarga ega bo’ladi”, - deydi mudofaa bo’yicha ekspert Berri Pavel.

Atlantika va Tinch okeani bo’yidagi davlatlar bir yoqadan bosh chiqaribgina Shimoliy Koreyani bu yo’ldan qaytarishi mumkin, deydi Pavel.

NATO bosh idorasi, Bryussel
NATO bosh idorasi, Bryussel

General Jeyms Jouns 2003-2006 yillar orasida Yevropada NATO qo’shinlari qo’mondoni bo’lgan.

“Avstraliya, hatto Pokiston va boshqa davlatlardan rasmiylar NATO haqida ko’proq bilishni istab kelishardi. NATO kelajagi - yanada kattaroq tashkilot. Ammo alyans global intilishlari bilan shoshmasligi lozim. Hamkorlikdan boshlab, keyin vaziyatga baho bersa bo’ladi”, - deydi u.

Tinch okeani mintaqasida to’rt davlat NATOga hamkor - Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya.

Avstraliya va Yangi Zelandiya NATO bayrog’i ostida Afg’onistonga qo’shin safarbar etgan. Yaponiya va Janubiy Koreya esa qayta qurish va taraqqiyot loyihalari uchun salmoqli hissa qo’shgan.

To’rttala mamlakat Somali suvlarida qaroqchilikka qarshi missiyalarda qatnashadi. NATO bilan hamkorlik to’g’risida kelishuvlar imzolangan.

Bundan tashqari, Tailand, Malayziya va Singapur ham harbiy blok bilan sheriklikka ishtiyoqmand. Hindiston va Indoneziya ham hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan.

Tahdidlar global ekan, g’arbiy alyans o’z faoliyat doirasini kengaytirishi tabiiy, deydi sobiq qo’mondon Jeyms Jouns.

“Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti faqatgina Yevropani himoya qiluvchi tashkilot bo’lib qolmasligi kerak. Chetda faqat Rossiya qolayapti. Rossiya Yevropani yengishga qodir emas”.

NATO 1949-yilda tuzilganidan buyon missiyasi o’zgarib borayapti. 1950-yillarda sovetlardan himoya vazifasini bajargan.

1960-70 yillarda esa NATO g’arbu-sharqni yaqinlashtirish vositasi bo’lgan. 1990-yillarda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoni barqarorlashtirishda ham qo’llangan.

Global xavfsizlik oldingi o’ringa chiqqan 21-asrda harbiy alyans yana o’zgarmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG