Ukraina sharqida isyonchilar va armiya otishmani vaqtincha to'xtatdi

  • Amerika Ovozi

Debalseve, Donetsk. 6-febral, 2015-yil.

Bugun Ukraina sharqdagi Debaltseve shahrida ayirmachilar va armiya otishmani vaqtincha to'xtatishga ko'ndi. Ular shu orqali tinch aholini evakuatsiya qilish uchun sharoit yaratdi.

Donetsk viloyatining Debaltseve shahri oxirgi paytlarda nihoyatda qattiq janglarga guvoh bo'ldi. Tinch aholiga hududni tark etishga imkon yaratilgan. Xohlaganlar ayirmachilar nazoratidagi hududga, boshqalar ukrain armiyasi nazoratidagi hududga ko'chishi mumkin. Rossiya matbuotining yoritishicha, shaharni mingdan oshiq odam tark etib ulgurgan.

Debaltseve Ukrainaning muhim temiryo'l uzellaridan biri hisoblanadi. Mamlakatning har xil qismlaridan relslar ana shu shahardan o'tadi. Biroq janglar sababli poyezdlar qatnovi to'xtab qolgan.

Ukraina armiyasi matbuot kotibi polkovnik Andriy Lisenkoning aytishicha, sulhga qaramasdan, joylarda, xususan, Mariupol va Luhanskda janglar davom etayapti va hatto qonliroq tus olgan.

Moskvada muzokaralar

Bu orada, Germaniya va Fransiya rahbarlari bugun Moskvaga borib, Ukraina sharqidagi to'qnashuvlarni tugatish rejasini taqdim etmoqda. Rossiya-Ukraina chegarasida ayirmachilar va ukrain armiyasi o'tgan yilning aprelidan beri olishib keladi.

Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya Prezidenti Fransua Olland bugun tashabbusni Rossiya rahbari Vladimir Putinga havola etdi. Merkel va Olland Moskvaga yetib borgani zahoti Kremlga yo'l olgani, taraflar darrov muloqotga kirishgani aytiladi. Kecha ikkisi Ukrainada Prezident Petro Poroshenko bilan xuddi shu haqda gaplashgan edi.

Merkelning so'zlariga ko'ra, reja Yevropada tinchlik va barqarorlikni himoya qilishga qaratilgan. Ukrainadagi qonli olishuvlarni bas qilish uchun qo'ldan kelgan barcha choralarni ko'ramiz, deydi kansler.

"Mojaroni harbiy yo'l bilan hal qilish mumkin emas, bunga ishonchimiz komil", - deydi Merkel.

Bryusselda bugun, juma kuni Amerika Vitse-prezidenti Jo Bayden Rossiyani Ukrainadagi ixtilofni avj oldirayotganlikda ayblagan. Rossiya qo'shni davlatga jangchi va tanklarni jo'natmoqda, deydi Bayden.

Myunxenda bugun ish boshlaydigan xavfsizlikka doir uch kunlik anjumanda ham Ukraina asosiy mavzulardan bo'ladi. Unda Ukraina rahbari Poroshenko, Amerika bosh diplomati Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham qatnashadi.

Vashington harbiy yordam berish haqida o'ylanmoqda

Payshanba kuni Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Rossiyaga moyil isyonchilarni va Kremlni nizoni alanga oldirayotganlikda ayblab tanqid qilgan edi. Uning aytishicha, Prezident Putin bu urushni tugatishga qodir.

Kerri Kiyevda ukrain va Yevropa rasmiylari bilan masalani muhokama qilgan. Vashington Ukraina armiyasini qurol-yarog' bilan ta'minlashni jiddiy ko'rib chiqmoqda, deydi diplomat. Yevropaning xavotiri shuki, qo'shimcha qurol-aslaha nizo ko'lamini yanada kengaytirishi mumkin.

Rossiya 10 oylik janglarga bevosita aloqasi borligini rad etmoqda. Ixtilof shu paytgacha salkam 5400 odamni hayotdan olib ketgan.

Ukraina sharqi: yangi sulhdan keyingi manzara