Germaniyadagi saylovlarda bir necha o'rinni qo'lga kiritgan o'ng qanot "Muqobil Germaniya" partiyasi parlamentdagi ishtiroki orqali "mamlakatni va xalqni qayta qo'lga olish"ga va'da berdi. Yakshanba kungi saylovda millatchi ruhdagi guruh 14 foizga yaqin ovozni qo'lga kiritgan edi. Bu unga parlamentdan 94 ta joy olish imkonini berdi. Shu tariqa 2-jahon urishidan beri ilk bor o'ng qanot partiya parlamentdan o'rin olmoqda. Kansler Angela Merkelning Xristian-demokratlar partiyasi o'z tarixida eng ko'p ovozni qo'lga kiritdi, ammo so'nggi 70 yilda parlamentda eng kam o'ringa ega bo'ldi.
Ko'pchilik 2-jahon urushining aybdori sanalgan Germaniyada o'ng qanot partiyalar kuchayishiga ishonmas edi. Ammo saylov natijalari buning aksini ko'rsatdi.
"Muqobil Germaniya" tarafdorlari g'alabani nishonlayotgan bo'lsa, unga qarshilar ko'chalarda namoyish o'tkazmoqda.
Partiyaning muhojirlarga qarshiligi o'tmishdagi natsistlarni esga solmoqda.
"Urushdan so'ng ilk bor ayirmachi va neo-natsist partiya parlamentga kirdi. Bu juda tashvishli holat. 1933-yilni esga solmoqda", - deydi namoyishchilardan biri.
Xavotirga tushganlar orasida yahudiy jamoalari ham bor.
"Muqobil Germaniya" partiyasi yetakchilaridan biri nemislar 2-jahon urushidagi o'z harbiy muvaffaqiyatlaridan faxrlanishi kerak, deb aytgan edi. Saylovdan so'ng u partiyasining ayirmachi ekanini inkor qildi.
"Mamlakatni qayta olamiz, deb ramziy ma'noda gapirdik. Germaniyani xorijiy madaniyatdagi xorijlik odamlarga boy berib qo'yishni xohlamaymiz", - dedi partiya yetakchisi Aleksandr Gauland.
Tahlilchilarning aytishicha, 2015-yilgi inqiroz paytida Angela Merkelning bir millionga yaqin muhojirni Germaniyaga qabul qilishi saylovda qimmatga tushdi.
"Muqobil Germaniya" uchun ovoz berganlar partiya qarashlarini yoqlagani uchun emas, amaldagi hukumatga norozilik sifatida shunday qildi", - deydi professor Tanya Borzel.
Kansler Angela Merkel 4-bor hokimiyatni egallagan bo'lsa-da, millatchilarning parlamentga kirishi katta zarba bo'ldi.
"Yaxshi siyosat va muammolarga yechim topish orqali bu partiya tarafdorlarini ham o'zimizga o'gdiramiz", - dedi Merkel.
Merkel, avvalo, hukumat tuzishi kerak. 2-o'rindagi Sotsial-demokratlar birga ishlashdan bosh tortdi. Demak, endi Liberallar va Yashillar partiyasi bilan koalitsiyaga kirishi kerak. Bu esa oylab vaqt olishi mumkin.
"Immigratsiya, qochoqlar va iqlim o'zgarishi kabi masalalarda murosaga kelish juda qiyin bo'ladi. Muzokaralar uzoq davom etishini kutyapmiz", - deydi Borzel.
"Muqobil Germaniya" ayni paytda parlamentdagi a'zolari orqali Angela Merkelga qarshi kurashib, mamlakatni tortib olishini aytmoqda.