Germaniya Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyaga qo'shildi

  • Amerika Ovozi

Germaniyaning Tornado samolyoti

Germaniya parlamenti Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan ittifoqchi davlatlarga harbiy yordam berish qarorini ma'qulladi. Hukumat razvedka samolyotlari, yoqilg'i quyuvchi samolyot, kema va 1200 askar ajratadi.

Biroq nemis pilotlari "Islomiy davlat" obyektlarini havodan nishonga olmaydi. Hozircha jangarilarni asosan AQSh, Britaniya, Fransiya va Rossiya bombardimon qilmoqda.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, Germaniyaning oltita Tornado samolyoti va 550 harbiysi Turkiyaning Injirlik aviabazasida joylashadi.

Bir yilga mo'ljallangan missiya Germaniya g'aznasiga 134 million yevroga tushishi aytilmoqda.

13-noyabr kungi Parij xurujlaridan so'ng Fransiya terrorchilarga qarshi harbiy amaliyotlarni boshladi. Prezident Fransua Olland xalqaro hamjamiyatni jangarilarga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashishga chaqirdi.

Kecha Britaniya parlamenti ham o'z hukumatiga havo hujumlarida qatnashishga ruxsat berdi. AQSh esa Suriyaga kichik sonli maxsus qo'shinlarini yubormoqchi.