XIX asrning 60-yillarida Amerika boshdan kechirgan fuqarolar urushi xotiralari AQSh hayotidan hanuz o'chmagan. Urushda qatnashgan askarlarning avlodlari har yili o'sha og'ir damlarni eslash uchun bir joyga yig'iladi. Pensilvaniyaning Gettisburg shahri dahshatli janglarga guvoh bo'lgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Pensilvaniyaning kichik shaharchasida tashkil etilgan ommaviy tadbir urush yillarini eslatadi. Asosiy farq shundaki, bular urush maydonidagi askarlar emas, balki bir yarim asr avval uch kun davom etgan qaqshatgich jangni xotirlash uchun yig'ilgan tinchlikparvar ko'ngillilardir.
Bu tadbirni yig'ilganlar "tirik tarix" deb ataydi. Ular har yili shu yerga kelib, Gettisburg jangini sahnalashtirish orqali xotirlashadi.
Har bir odamning o'z roli bor. Bu yerda mashhur Konfederatsiya generali Robert Lini ham ko'rish mumkin. Shuningdek, Gettisburg jangining boshqa qahramonlari - batalyon qo'mondonlari, ham Ittifoq, ham Konfederatsiya armiyasiga mansub oddiy askarlar safga tortilgan.
Albatta, Prezident Abraham Linkoln siymosi hammaning diqqat markazida. U biz bilan suhbatda Gettisburg jangidan to'rt yarim oy o'tib qabriston oldida so'zlagan mashhur nutqini qayta tilga oldi.
"Bu davlat, Xudoning marhamati bilan, yangi ozodlikni qo'lga kiritadi. Xalqqa mansub, xalq tomonidan va xalq uchun yaratilgan hukumat yer yuzida abadiy yashaydi", - deydi u.
Gettisburg jangini sahnalashtirgan odamlarning aytishicha, fuqarolarning eng qonli janglaridan biri bo'lgan bu hodisa mamlakatni saqlab qolish va AQSh kelajagini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan.
"Burgutli bayroqda lotincha shunday so'zlar yozilgan: Ko'pchilikdan bir millat. Biz shundaymiz hozir. Ya'ni, turli davlatlardan kelgan ko'plab odamlar bir davlat qurganmiz", - deydi ishtirokchilardan biri.
Konfederatsiya kuchlari Gettisburgda Ittifoqchilar ustidan g'alaba qozonib, Vashingtonni qo'lga olishni hamda prezidentni janubiy shtatlar huquqlarini tan olishga majburlashni maqsad qilgan edi. Ammo ular chekinishga majbur bo'ladi.
Fuqarolar urushida qulchilik asosiy bahs mavzusi bo'lgan. Soliq, boj to'lovlari hamda shtatlar va federal hukumat aloqalari bo'yicha ham kelishmovchiliklar mavjud edi.
Aktyor Jim Gettining aytishicha, Janub g'alaba qozongan taqdirda ham davlat bir kun kelib baribir yana qayta birlashishi aniq edi.
"Hozirgacha yagona davlatga aylangan bo'lardik. I va II Jahon urushlarigacha qayta birlashardik. Urushdan so'ng kelishmovchiliklarga barham berardik. Chunki bo'lingan holda yashab qolishimiz qiyin", - deydi u.
Ko'plab amerikaliklar uchun tarixiy hodisalarning sahnalashtirilishi, shunchaki, tomosha emas, balki o'tmishda vatan uchun o'z jonini qurbon qilgan qahramonlarni qadrlash va yod etish imkoni hamdir.
Bugun Pensilvaniyaning kichik shaharchasida o'tmishda bir-biriga qarshi kurashgan ikki armiya avlodlari bir guruh bo'lib tinchlik va birdamlik marshida qatnashmoqda.