Ashraf G’ani va parlament o’rtasida kelishmovchilik avj olmoqda

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani

Afg’oniston parlamenti tomonidan bir necha vazirning ishdan olingani Prezident Ashraf G’anining jiddiy noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Qonunchilar nazarida bu vazirlar vazifasini bajarmagan va ajratilgan mablag’ zoye ketgan. Parlament bu hafta har kuni uch vazirning ishini ko’rib chiqmoqda. Ularning taqdiri ovozga qo’yilayapti va o’tmasa, ishdan olinmoqda.

Prezident G’ani qonunchilarga xat yozib, parlament ko’rayotgan chorani o’ta keskin deya tanqid qilmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy, Omma manfaatlari vaziri Mahmud Baliyg’, Ijtimoiy ishlar vaziri Nasrin O’riyoxil, Maorif vaziri Asadullo Hanif Balxiy, Transport vaziri Muhammadullo Batosh, Oliy ta’lim vaziri Farida Mo’mandning vakolatlari parlament tomonidan olib tashlandi.

Deputatlar prezident parlament ishiga aralashmasin, deya ogohlantirmoqda.

“Bir kuch (parlament) yana bir kuch (hukumat) bilan to’qnashar ekan, muzokara yo’lidan borish kerak”,- deydi deputat Olmos Zohid.

Yangi vazirlar kim bo’ladi? Prezident nomzod ko’rsatishi kerak.

“Hukumat vazirliklar uchun munosib odamlarni tezroq tanishtirishi kerak. Amerika Qo’shma Shtatlarida ham yangi kabinet ish boshlaydi”,- deydi deputat Muhammad Rizo Xushak.

Bosh vazir Abdulla Abdulla idorasi parlament tomonidan vakolatlari olib tashlangan vazirlar o’z ishlarida davom etaveradi, deya bildiradi.

“Hukumat Oliy sudning qarorini kutayapti. Sud bosh qonunning 92-moddasini sharhlasagina hukumat so’nggi qarorini e’lon qiladi. Ungacha vazirlar ishda va hech qanday o’zgarish bo’lmaydi. Har kim o’z ishida davom etadi”,- deydi Abdulla Abdullaning matbuot kotibi Jovid Faysal.

Prezident Ashraf G’ani parlament bilan kelisha olmasa mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinishi mumkin.

Tahlilchilar nazarida mamlakat jiddiy muammolar bilan duch kelmoqda.

“Vazirlar ko’pchiligining rad etish hukumatning rad etilishidir. Hukumat va parlament o’rtasida bu kelishimovchilik muammo, inqiroz”,- deydi siyosiy tahlilchi Horun Mir.