G'alla kelishuvi uzaytiriladimi?

  • Amerika Ovozi

17-iyul kuni Ukraina g’allasini eksportga chiqarishga qaratilgan kelishuv o’z kuchini yo’qotadi. Rossiya BMT va Turkiya vositachiligida erishilgan va bir necha bor uzaytirilgan bitimni yangilamoqchi emas. Turkiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Moskvadan masalaga ijobiy yondashishni so’ramoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-iyul, 2023-yil

“Muhtojlarga salkam 33 million tonna g’allaning yetkazilishiga yordam bergan tashabbus muddati 17-iyulda yana bir bor uzaytiriladi”, - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Vilnyusda Ukraina rahbari bilan uchrashuvdan so’ng.

G’alla kelishuvi uning jahon bozoridagi narxining ko’tarilishiga to’sqinlik qildi. Rossiya o’z g’allasi va o’g’itlari eksportiga qo’yilgan sanksiyalar yumshatilmasa, bitim uzaytirilmasligi haqida ogohlantirgan.

“Rossiya iqtisodiyotining ayrim qismlarini sanksiyalardan ozod etishga yoki yumshatishga urinmoqda, masalan, qishloq xo’jaligiga aloqador banklarini”, - deydi Bonn universitetining Rossiya bo’yicha mutaxassisi Zaur Gasimov.

Xalqaro bosimga qaramay, Erdog’an Rossiya bilan yaqin aloqalarni ushlab kelishga muvaffaq bo’ldi, Rossiyaga sanksiya qo’yishdan bosh tortdi.

“Kelishuv muddati uzaytirilmasa, jahon bozorida oziq-ovqat qimmatlab ketadi. Bu nafaqat Turkiya va NATO, balki boshqa mamlakatlar uchun ham muhim masala”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.

Kreml Ukrainaning “Azov” millatchi polki a’zolarining Turkiyada ozod etilganidan norozi. O’tgan yili Mariupoldagi “Azovstal” po’lat zavodi shturmi paytida taslim bo’lgan azovchilarning qo’mondonlari Rossiyaga xayrixoh ukrain siyosatchisi Viktor Medvedchukning Ukraina qamog’idan chiqarilishi evaziga ozod etilib, Ukraina va Rossiya kelishuviga muvofiq urush oxirigacha Turkiyada qolishi kerak edi. Anqara muzokaralarda vositachi bo’lgan.

Erdog’an Ukrainaning NATOga a’zo bo’lish harakatlarini qo’llab-quvvatlashini aytgani, Shvetsiyaning alyansga a’zolik haqidagi arizasi ma’qullanib, kuzda ratifikatsiya uchun parlamentga taqdim etilishi haqidagi gaplari Rossiyada sovuq qabul qilindi.

Ayrimlar buni Moskvaning g’alla kelishuvini uzaytirmasligi haqidagi gaplariga javob sifatida ko’rmoqda.

“Turkiya bu bilan ko’p narsa unga bog’liq ekanini ko’rsatish uchun Rossiyaga ishora qilmoqda”, - deydi turk siyosiy tahlilchisi Yoruk Ishik.

g