Guantanamoda aksar mahbuslar ochlik e’lon qilgan

  • Amerika Ovozi
AQShning Guantanamo qamoqxonasida ocharchilik e’lon qilgan mahbuslar soni 100 ga yetdi, ya’ni terrorizmga aloqadorlik aybi bilan u yerda saqlanayotgan odamlarning yarmidan ko’pi non tatishdan bosh tortayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Guantanamoda aksar mahbuslar ochlik e’lon qilgan/Shohruh Hamro


Ular shu yo’l bilan o’z taqdiriga, harbiy turmada sudsiz, uzluksiz saqlanayotganiga dunyo e’tiborini qaratmoqda.

Guantanamoda har kungi manzara quyidagicha: Harbiylar va shifokorlar kameralarga birma-bir kirib, kim ovqatlanyapti, kim yo’q, tekshiradi.

Xavfsizlik, insoniylik, qonuniylik va oshkoralik - qamoqxona ma’muriyati ana shu tamoyillarga amal qilishga majbur. Biror mahbusni burnidan trubka tiqib, majburiy ovqatlantirayotgan bo’lsak, tartib-qoida shunaqa, deydi ular.

Guantanamo so’zlovchisi, kapitan Robert Durand so’zlariga ko’ra, agarda mahbus qatorasiga to’qqiz kun tuz totmagan bo’lsa, ocharchilik e’lon qilgan bo’lsa, uning salomatligi darhol nazoratga olinadi. Vazni tushib holsizlana boshlagach, vrachlar sun’iy ovqatlantirishni tavsiya etadi.

Ocharchilik namoyishi shu yilning fevral oyida boshlangan. AQSh hukumati bizni terrorda gumon qiladiyu, ishimizni sudga topshirmaydi; oramizda 86 kishi allaqachon oqlangan, lekin ozodlikka chiqarishmayapti, deya shikoyat qiladi ular.

Barak Obama prezidentlikka saylanganida Guantanamoni yopishga va’da bergan. Qaror hanuz amalga oshmagani Kongress qo’ygan cheklovlar bilan bog’liq, deya izohlaydi Oq uy rasmiylari. Ammo prezident o’z qarorida qat’iy.

Biroq Mudofaa vaziri Chak Xeyglga yillardan buyon murojaat qilayotgan faollar nazarida va’dalar bilan ish bitmaydi. Advokat Deyvid Rims ocharchilik e’lon qilgan 17 mahbusni himoya qilmoqda.

“Prezident davlat xavfsizligi bilan bog’liq ayrim masalalarda o’z so’zini o’tkazish huquqiga ega. Kongress unga bu vakolatni berib qo’ygan. Demak, asirlarni Guantanamodan ko’chirish uchun ko’rsatma bera oladi. Aybni Kongressga to’nkashni bas qilish kerak”, - deydi u.

Qamoqxona ma’murlariga ko’ra, inshootda biror qonun-qoida buzilayotgani haqida gap bo’lishi mumkin emas. Hammasi risoladagidek.

Bizning ishimiz, deydi kapitan Durand, mahbuslarni xavfsiz bir sharoitda saqlash, ularga insoniy muomalada bo’lish.

“Ko’chirishga ko’rsatma berilsa, buyruqni bajaramiz. Ungacha biz asirlar uchun javobgarmiz”, - deydi u.

AQSh ommaviy axborot vositalarida Guantanamo haqida vaqti-vaqti bilan maqola-reportajlar chiqib turadi. Ocharchilik namoyishi va mahbuslar majburlab ovqatlantirilayotgani haqidagi ma’lumotlar bu masalani yana bosh mavzuga ko’tardi.