O'zbekiston: Gulnora Karimova jinoiy guruhga a'zolikda ayblanmoqda

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova

O'zbekiston Bosh prokuraturasi 8-sentabr kuni chiqargan bayonotida tergov ostidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolari qatorida prezidentning qizi Gulnora Karimova ham tilga olingan. (Inter-Gap blogimizni ham o'qing - "Yana Gulnora haqida"

Your browser doesn’t support HTML5

Gulnora Karimovaga qarshi ayblov, Malik Mansur

Karimova mojarosini kuzatib kelayotgan tahlilchilar so'zlariga ko'ra, jinoiy ish qanday maqsadda ochilgani va qanday yakunlanishidan qat’i nazar, uyushgan jinoiy to'da markazida turgan odam prezidentning qizidir.

O'z faoliyatini tahdid va tovlamachilik asosida yuritgan jinoiy guruh “O'zbekiston havo yo'llari” va Farg'onadagi neft zavodi kabi davlat korxonalari hissalarini o'zlashtirgan.

Bosh prokuratura tarqatgan ma'lumotda yozilishicha, may oyida guruhning G.Avakyan, R.Madumarov va boshqa a'zolariga nisbatan sud hukmi chiqarilgan; jinoiy guruhning Karimova doxil va qidiruvda bo'lgan boshqa a'zolari yuzasidan alohida ish olib borilmoqda.

Prokuratura hozirgacha jinoiy guruhning O'zbekistondagi 457 milliard so'mga yaqin mablag'ini davlat foydasiga musodara qilganini ma’lum qilgan.

Jinoiy to’daning xorijdagi mablag'lari haqida hech narsa aytilmagan. Kuzatuvchilarga ko'ra, prokuratura tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ish ochilishi mohiyati ham aynan shunda.

“Hozir hech bo'lmaganda Shveysariyada muzlatilgani rasman e'lon qilingan 1 milliard dollarni qaytarib olishga harakat qilinmoqda. Buning huquqiy jihati ustidan advokatlar ishlashayapti. Huquqchilikka ko'ra, jinoyatchini biror tomonda, O'zbekistondami, Shveysariyadami, jazoga tortilishi muzlatilgan mablag'ni kelib chiqish joyiga qaytarilishiga asos bo'lishi mumkin”, - deydi avvalroq Gulnora Karimovaning Jenevada qarovsiz qolgan hashamatli uyini norozilik namoyishi orqali egallab olgan o'zbekistonlik siyosiy faol, xorijdagi yozuvchi Safar Bekjon.

Prokuraturaning rasmiy ayblovidan sal oldin O'zbekiston parlamenti jinoiy jazo sifatida uy qamo'gini joriy etish haqidagi qonunni ma'qullagan edi.

O'zbekistondagi eng qudratli biznes imperiya sohibasi, Islom Karimovdan so’ng prezidentlik uchun asosiy da’vogar sifatida ko’rilgan Gulnora Karimova so’nggi oylarda otasining e’tiboridan qolgani qizg’in bahs-munozaralarga sabab bo’lgan edi.

Bu inqiroz Gulnoraning siyosiy ambitsiyalariga bog'liqmi yoki moliyaviy qallobliklarigami, degan savol hamon dolzarb.

“Siyosiy raqobat tufayli degan qarashlar unchalik asosga ega emas, - deydi Safar Bekjon.

"Chunki raqobatchi tomonlarni Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya davlatlariga ta’sir o'tkazib, jinoyat ishini ochtirishi va Gulnorani raqobatdan chetlatishini tasavvur qilish qiyin. Albatta, bu yerda siyosat bor, agar siyosat bo'lmaganda, Gulnora Karimova allaqachon xalqaro jinoyatchi sifatida jazosini olgan, xalqaro tribunalga tortilgan bo'lar edi. U otasi O'zbekiston rahbari ekanligi uchungina hozirgacha uy qamog’ida o'tiribdi”, - deydi yozuvchi Safar Bekjon.

Shveysariyada muzlatilgan bir milliard dollar xorijda Gulnora Karimovaga qarashli ekanligi taxmin qilinayotgan mablag'ning bir qismi, xolos. Xorijda uning mol-mulki 7 milliard dollarga yaqin ekani aytiladi.

Safar Bekjon so'zlariga ko'ra, O'zbekiston tomonidan Shveysariyada yollangan advokatlarga oyiga 20 mingdan 60 ming dollargacha haq to'lanmoqda. Shveysariya va O'zbekiston o'rtasida bir qism mablag'ni qaytarish yuzasidan kelishuv borayotgani ham ehtimoldan soqit qilinmaydi.

“Ammo O'zbekiston tomoni bir narsani bilmaydi. Bunday mablag’larni qaytarishnining siyosiy talabi ham bor. Bu Shveysariyaning parlamentida ma'qullanishi kerak. Bu yerdagi parlamentda esa O'zbekistondagi diktatura tugagandan so'nggina bu pullar qaytarilishi kerak, deb hisoblovchi deputatlar ko'p. Bizning tarafdorlar, avval Gulnoraning qo'lida ishlagan odamlar hisob kitobiga ko'ra, 7 milliard dollar atrofidagi mablag' ustida gap bormoqda. O'zbekistondagi odamlarning maqsadi bu pullarni davlat byudjetiga deb olib borib, keyinchalik mablag'ni Xitoygami, boshqa joygami, ko'chirish. Ularning maqsadlari yaxshi emas, bundan davlatga, xalqqa biron foyda bo'lmaydi. Men bu mablag'ni O'zbekistondagi diktatura qulagach, qonuniy yo'llar bilan xalqqa, davlatga qaytarish lozim deb hisoblayman”, - deydi Safar Bekjon.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali o'z aybsizligini bildirib kelgan Gulnora Karimova so'nggi bor itdan battar ahvolda uy qamog'ida saqlanayotganini aytish bilan jamoatchilik diqqatini tortdi. Ammo ayrim manbalar Gulnora Karimovani poytaxtdagi tungi klublarda ko'rinish berganini ham iddao qilishadi.