Breaking News

Bosh prokuraturaga ko'ra, qonun hammaga bir. Gulnora Karimovagachi?


Davlatga katta miqdorda zarar yetkazishda ayblanayotgan Rustam Madumarov, Gayane Avakyan, Yekaterina Klyuyeva Gulnora Karimovaga qarashli biznes tizimlarni boshqargan va uning eng yaqin odamlari sifatida ko’riladi.
Davlatga katta miqdorda zarar yetkazishda ayblanayotgan Rustam Madumarov, Gayane Avakyan, Yekaterina Klyuyeva Gulnora Karimovaga qarashli biznes tizimlarni boshqargan va uning eng yaqin odamlari sifatida ko’riladi.
Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar ustidan tergov davom etmoqda. Bosh prokuraturaning bildirishicha, ayblanayotganlar 10 kishidan iborat. Ular qatorida Karimova bor-yo’qligi haligacha mavhum.

Bosh prokuratura, Karimova, tergov/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:04 0:00
Yuklab oling

Davlatga katta miqdorda zarar yetkazganlikda ayblanayotgan Rustam Madumarov, Gayane Avakyan, Yekaterina Klyuyeva Gulnora Karimovaga qarashli biznes tizimlarni boshqargan va uning eng yaqin odamlari sifatida ko’riladi.

“Terra group", "Prime Media" ва "Gamma promotion" mas’uliyati cheklangan jamiyatlar rahbari bo’lgan bu shaxslar 17-fevral kuni Gulnora Karimovaning uyida o’tkazilgan tintuvdan so’ng so’roq qilinish uchun olib ketilgan.

Karimovaning o’zi tergovga tortilganlar qatoridami? Shuningdek, ayblanayotganlar hibsga olinganmi yoki yo’qmi? Bu aniq emas.

Ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, tintuv oqibatida sog’lig’i yomonlashgan Gulnora Karimova shifoxonaga yotqizilgan.

Madumarov, Avakyan va Klyuyeva Gulnora Karimova bilan bog’liq xalqaro miqyosdagi surishtiruvlarda qayd etilgan. Karimovaga tegishli xorijiy hisob raqamlari va mol-mulk shu odamlar orqali yuritilgani aytiladi.

So'roq qilinayotgan 10 kishiga noqonuniy daromad qilish va uni legallashtirish ayblovi ham qo’yilgan. Prokuratura so’nggi ma’lumotida tergov davom etmoqda, deya bildiradi.

Bu jarayonlar Gulnora Karimova bilan bog'liq mashmashani yana alangalatgan. Prezidentning qiziga nisbatan bosimlar yuzasidan munozaralar qizigan.

Gulnora Karimova "Twitter" orqali shuni da'vo qiladiki, hokimiyat uchun kurash ketmoqda va Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov boshchiligida unga qarshi kampaniya avjida.

Boshqa mulohazalarga ko’ra esa prezident haddidan oshib ketgan qizini jazolab, xalqqa va xalqaro hamjamiyatga o'zini adolatparvar lider deb ko'rsatmoqchi.

Bosh prokuraturaning yuqoridagi jinoiy ish haqida taqdim etgan ma’lumotida qonun oldida hamma barobar deb alohida ta’kidlanadi. Ammo bu ta’kid Gulnora Karimovaga tegishli bo’ladimi yoki yo’qmi, noma’lum.

O'zbekistonda qonun ustuvorligiga chaqirib kelayotgan va bugungi kunda Parijda asoslangan “O’tyuraklar klubi” huquq tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyeva "Amerika Ovozi" bilan suhbatda shunday deydi:

“Fikrimcha, Gulnora Karimova bilan bog’liq so’nggi voqealar uning mulkini va kompaniyalarini o’zining nomiga o’tkazishga rozilik bergan odamlarni javobgarlikka tortish, qamoq jazosiga hukm qilish bilan tugasa kerak. Lekin Gulnoraning o’ziga nisbatan biron jazo qo’llanishi haqida gapirish qiyin. Har holda u prezidentning qizi. Boshqa tomondan hozir uning raqiblari ustun kelmoqda. Bu yerda yana bir narsani aytib o’tishim kerak: bizning tashkilot himoya qilib chiqqan Yanis Galanisning turmush o’rtog’i Yekaterina Klyuyeva ham Londonda ro’yxatdan o’tgan bir kompaniyaning egasi hisonlanadi. Nazarimda hozirgi qama-qamalar G’arb davlatlariga O’zbekistonning korrupsiyaga qarshi qanday kurashayotganini ko’rsatish, mamlakat imidjini yaxshilash uchun ham qilinayapti. Nima bo’lganda ham ayblanayotganlar taqdiri ancha achinarli bo’lishi mumkin”.

O’zbekiston prezidentining to’ng’ich qizi bilan bog’liq mojarolar Shvetsiya jurnalistlari o’tkazgan surishtiruvlardan boshlandi. Shved televideniyesida namoyish qilingan maxsus ko’rsatuvlardan biroz o’tib, Yevropaning bir necha davlatida Gulnora Karimova moliyaviy firibgarlikda gumon qilinib, tergov ishlari ochildi. Xususan Shvetsiya, Shveytsariya va Fransiyada.

Madumarov, Avakyan va Klyuyeva ustidan O’zbekistonda ochilgan jinoiy ish ham shu xalqaro tergovlarga borib taqalsa ajabmas.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG