Kurd askarlari Iroq shimolidan jangarilarni siqib chiqarishga qaratilgan maxsus amaliyotni boshladi. Kurdlarning peshmerga jangchilari Bag’dod shimoli-sharqidagi Jalavla shahrida bir necha tumanlarni qaytarib olgani aytilmoqda.
Olovli manzilga aylangan Jalavla shahri Kurdiston muxtoriyatidan sal narida joylashgan. Hududni Islomiy davlat jangarilari avgust boshida qo’lga olgan edi.
Peshmerga jangchilariga Amerikaning jangarilarga qarshi havo hujumlari ancha qo’l kelgani xabar qilinadi.
Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, Islomiy davlat ekstremistlari global tinchlikka solayotgan xavf-xatar avvalgi tahdidlardan qo’rqinchliroq.
Xeygl Vashingtonda so’zlar ekan, bu jangarilar oddiy terrorchi guruhlardan xavfliroq, dedi. Ular puxtaroq qurollangan, qattiq mashqdan o’tgan va moliyaviy jihatdan baquvvat.
Amerika generali Martin Dempsi fikricha, ekstremist guruhni yengish mumkin, lekin buning uchun nafaqat Iroq, balki Suriyada ham ularni siquvga olish kerak.
Damashq va Bag’dod orasida yashayotgan 20 million sarson-sargardon inson jangarilarni rad etsa, ulardan yuz o’girsa, Islomiy davlat guruhi barbod bo’ladi, deydi Amerika rasmiylari.
General Dempsi Suriyada ham Amerika havo hujumlari amalga oshiriladi, deyishgacha bormadi. Suriyada mana uch yildan oshibdiki, fuqarolar urushi avjida.
Biroq AQSh mutasaddisining aytishicha, Iroq shimoli, g’arbi va Suriya sharqidagi mojaroni Amerika va ittifoqchilar diplomatik, siyosiy, harbiy yo’llar bilan hal qilishi kerak.