AQSh mudofaa va razvedka sohasida katta o’zgarishlar kutilmoqda

  • Amerika Ovozi
Prezident Barak Obama mudofaa vaziri lavozimiga sobiq respublikachi senator Chak Xeyglni tanlagan. Agar Kongress tasdig’idan o’tsa, Xeygl oldidagi asosiy vazifa Afg’onistondagi urushni nihoyasiga yetkazishdir.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh mudofaa sohasida o'zgarishlar/Shohruh Hamro


AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasida ham o’zgarishlar kutilmoqda.

Mudofaa vazirligi byudjetini qisqartirish, Afg’onistondan zobitlarni uyga qaytarish murakkab masalalar. Chak Xeygl bu ishga tanlangani bejiz emas.

Sobiq senator mavhum maqsadli urushlarda amerikaliklar qoni to’kilmasin, Pentagonni isloh qilaylik, deb keladi.

Vietnam urushi qahramoni Chak Xeygl urush nima ekanini biladi. Dangal, to’g’riso’z, mudofaa vaziri bo’lishga loyiq, deyishadi uni bilganlar. Urushlarni tugatish tarafdori u.

“Mamlakat xavfsizligi va ittifoqchilar bilan rishtalarni mustahkamlash barobarida erkinlik va vijdoniylikni targ’ib etishni ham o’z vazifam deb bilaman”, - deydi Xeygl.

Respublikachi Xeygl fikrlarini ro’y-rost aytishi bilan tanilgan.

AQShning Afg’oniston strategiyasi haliyam xom ekan, u prezident Obamaning qarorlariga ta’sir eta oladi, deydi tahlilchi Maykl Oxenlon.

“Afg’onistondagi missiya cho’zilib ketdi, maqsaddan chalg’idik, deb shikoyat qilgan aynan senator Xeygl edi. Ehtimol, vitse-prezident Jo Bayden singari u ham askarlarni u yerdan tezroq olib chiqishga undaydi”, - deydi u.

11 yildan beri davom etayotgan afg’on mojarosini oxiri ko’rinmas urush deyishadi. Afg’onistonning katta hududlari hamon jangarilar nazoratida. Frederik Kemp Chak Xeygl bilan Atlantika Kengashi nomli tadqiqot markazida birga ishlagan:

Bir narsani aniq aytishim mumkin, u murakkab savollarni o’rtaga tashlaydi. Afg’oniston bilan nimani muzokara qilyapmiz, muddao nima? Mintaqada ahvol qanday? U yerda qancha askarni qoldirgan ma’qul va shunga arziydimi?”

Xeygl mudofaa vaziri bo’lishiga uning ayrim sobiq partiyadoshlari qarshi. Ular ta’rificha, Xeygl Isroilga xayrixoh emas, Eron yuzasidan ham qattiqqo’llik ko’rsatmagan.

AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi rahbarligiga esa Jon Brennan ko’rsatilyapti. Prezidentning kontr-terrorizm bo’yicha maslahatchisi jangarilarni uchuvchisiz samolyotlar bilan yo’q qilish programmasini ishlab chiqqan.

Maykl Oxenlonning aytishicha, Brennan sahna ortida xavfsizlik bilan bog’liq eng qaltis masalalar bilan shug’ullangan. AQShda tahdid solayotgan Al-Qoida yetakchilarini nest qilish shular jumlasidan. Omma buni tushunadi. Uning nomzodi oson o’tsa kerak.

Prezident Obamaga ko’ra, AQSh armiyasi kelajakda ixcham, yanada tezkor bo’ladi. Maxsus operatsiyalar va pilotsiz vositalarga ko’proq tayanadi.

U tanlagan arboblar ana shunday yangicha yondashuv AQSh xavfsizligini ta’minlay olishini isbotlashi kerak.

Your browser doesn’t support HTML5

Urush va siyosat/Kerry, Hagel and Vietnam