Bugun G’azo Sektorida Isroil va HAMAS o’rtasida 72 soatlik sulh kuchga kirgan. Muzokarachilar uni davomiy qilish ustida ishlamoqda. Isroil sektordan qo’shinlarini chiqarishini ma’lum qildi. Ular chegarada turib, mudofaa zonasini yaratadi, deydi harbiylar.
Isroil rasmiylari harbiy amaliyot natijasida 32 ta tunnel yo’q qilinganini aytmoqda. Ularga ko’ra, jangarilar tunnellar orqali Isroilga o’tib, hujumlar uyushtirgan.
Yaqin kunlarda Qohirada HAMAS, Misr va Isroil vakillari sulhni uzaytirishga qaratilgan muzokarada ishtirok etishi kutilmoqda.
To’rt hafta davom etgan Isroil hujumlarida 1800 dan ziyod falastinlik, asosan, oddiy odamlar nobud bo’ldi. Isroil 64 askar va uch fuqarosini yo’qotgan.
Bungacha kelishilgan bir necha sulh ish bermadi. AQSh Davlat departamenti tomonlarni bu galgi kelishuv shartlarini bajarishga chaqirdi.