O’zbekistonlik yoshlar va ularning Amerikadagi tengdosh-fikrdoshlari Boston yaqinidagi Tafts (Tufts) universitetida anjuman o’tkazib, AQShning Rossiya va Markaziy Osiyo bilan aloqalarini muhokama qildi. Konferensiyalar odatda muayyan soha va mavzuni o’rganayotganlar uchun qiziq, lekin bunisi, deydi qatnashuvchilar, nafaqat ilm-fan arboblari balki muxolifatchi, diplomat va mustaqil ekspertlarni bir joyga to’plagani uchun ham sermazmun kechdi. Bahs-munozara qizidi. Yig'indan keyin Garvard universitetida qatnashchilar bilan uchrashib, muloqot qildik.
O’zbekistonlik Dmitriy Nurullayev Sietlda asoslangan nohukumat tashkiloti rahbari. Awareness Projects International deb nomlangan bu muassasa yoshlar orasida global masalalarga e’tibor qaratish bilan shug’ullanadi. Tafts universitetidagi tadbir bunga misol, deydi Dmitriy. Uning o’zi Angliyaning dunyoga tanilgan Kembrij universitetida tahsil olmoqda.
“Amerikaning mashhur siyosatdoni Jorj Kennan o’z vaqtida aytganidek, Rossiyaning xatti-harakatlarini tushunish qiyin. U tanlagan siyosiy yo’l Ukrainadan tashqari boshqa sobiq sovet davlatlariga qanchalik ta’sir qilishi mumkin? Mushohada shu haqda kechdi. Xavfsizlik va inson huquqlari singari nozik mavzular ko’p tilga olindi”,- deydi Nurullayev.
Awareness Projects International ko’ngilli xizmatga tayanadigan tashkilot. Talaba uni yaqin dos’tlari bilan yuritadi. Faoliyat uchun mablag’ ham ularning shaxsiy karmonidan keladi.
“Tashkilotimiz o’sar ekan, biz e’tiborni ilmiy-tahliliy mushohadalarga, chetda qolib ketayotgan masalalar muhokamasiga qaratayapmiz. Maqsad odamlarni ogohlikka chorlash. Axborot vositalarida uzog’i bilan 30-40 sekund beriladigan narsaga chuqurroq nazar tashlaylik, ekspertlarni uzoqroq tinglaylik, deymiz. Savol-javobga imkoniyat bo’lsin”,- deydi Nurullayev.
Uning hamkori Dallin Van Leuven Tafts universiteti talabasi.
“Meni o’tish davriga xos adliya tizimi, xavfsizlik va xalqaro qonunlar qiziqtiradi. Markaziy Osiyoga qiziqishim ham shu bilan bog’liq. Islohotlar, inson huquqlari, geosiyosat, AQSh va Rossiyaning roli, shuningdek, Xitoy va Eron”,- deydi Leuven.
“Bostonda o’qishning ajoyib jihati, universitetlar bir-biriga yaqin. Mening universitetim, Tafts universiteti va Garvard universiteti orasida birgalikda dars berish yo’lga qo’yilgan, ya’ni biz ma’ruzalarda birga o’tiramiz. Yoshlar bir-biridan ko’p narsa o’rganadi. Shu boismi anjumanlarga ko’p odam keladi, qiziqish kuchli. Turli sohalarni o’qiyotgan bo’lishimiz mumkin lekin dunyoqarash bu yerda juda global.”
Garvard universiteti professori, AQShning xizmat ko’rsatgan diplomati, sobiq elchi, sovuq urush davrida yetishgan mutaxassis Tomas Saymons (Thomas Simons) mintaqadan chiqqan yoshlar bu yerda jonbozlik ko’rsatayotgani tahsinga sazovor deydi.
“Biz Markaziy Osiyoda mustaqil va suveren davlatlar oyoqqa turishini quvvatlab keldik. Bu o’lkalar oyoqqa turib, jahonga tanilar ekan, Rossiya ham o’ziga xos rol o’ynadi, Amerika ham. 2001-yildan beri aloqalarimiz Afg’onistondagi urushga bog’liq bo’lib qoldi. U yerdagi missiya tugar ekan, rishtalarda yangilik bo’ladi. Ijobiy o’zgarishlar qilish uchun qattiq mehnat qilish kerak, har ikki tomon. Amerika rahbariyati, nazarimda, Markaziy Osiyo nima uchun muhim ekani va u yerda konstruktiv rol o’ynash uchun ko’proq harakat qilish, ko’proq mablag’ ajratish lozimligini tushunadi. Amaliy ishlar qilish qiyin, tan olish kerak. Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham oson bo’lmaydi. Bu oydek ravshan”,- deydi keksa diplomat.
“Garvardda va uning atrofidagi oliygohlarda Yevrosiyo desangiz, qiziqish juda katta. O’rganayotganlar, u yerda ishlaganlar, tegishli masalalar bilan shug’ullanganlar juda ko’p bu yerda. Markaziy Osiyoga boshida faqat mintaqa sifatida qaraganlar hozir ularni besh alohida, o’ziga xos jihatlarga ega davlat deb ko’radi. Bugunga kelib, ular bir-biridan farq qiladigan mamlakatlar. Amerika ular haqida yaxshiroq biladi, ular biz haqimizda yaxshiroq biladi. Talabalarim, masalan, Markaziy Osiyo bo’ylab turli jamiyatlarda ishlagan yoki izlanishlar olib borgan, tajribali insonlar”.
Sara Kendzior (Sarah Kendzior) mintaqaviy ekspert, o’z tahlillarida mentalitet va madaniyatga ko’p to’xtaladi. O’zbek tilini bilgani va qo’shni xalqlar hayotidan boxabar bo’lgani uchun muammolar naqadar murakkab va serqirra ekanini tushuntirib bera oladi.
Bostondagi ilm ahlini bir joyga yig’ish oson emas, deydi u, o’zbekistonlik yoshlar g’ayratini yuqori baholar ekan. Bugun hammaning og’zida Ukraina va Qrim, deydi Sara Kendzior.
“Rossiya Qrimda qilganini Markaziy Osiyoda ham qiladi deyishga asos yo’q. Men bunday fikrda emasman. Qilsa ham balki Qozog’istonda, deyayotganlar ko’p. Lekin mening nazarimda eng kuchli omil bu Rossiyada ishlab pul topib, vatanidagi oilasini boqayotgan millionlab markaziy osiyoliklar. Rossiya iqtisodiyoti aziyat cheksa, bu migrantlar ham qiynaladi. Ular yurtiga qaytsa, ishsizlik va yetishmovchilik ko’lami kengayadi, beqarorlik mana shunday narsalardan kelib chiqadi",- deydi ekspert.
Sara Kendzior almashinuv dasturlarini, ta’limiy va madaniy loyihalar ko’payishini xohlaydi. Talabalar, olimlar va mutaxassislar bir-biridan o’rganadi, dunyoqarashi kengayib, hamjihatlik va o’zaro tushuncha hosil bo’ladi, deydi u. Amerika hukumati bunday programmalarga moliyani qirqqan. Sara Kendzior singari ekspertlar fikricha AQSh mintaqa bilan haqiqatdan ham yaqinlashmoqchi bo’lsa, uzoq muddatni ko’zlovchi loyihalarni chetga sura olmaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ham almashinuvlardan foyda ko’radi, yoshlar uchun imkoniyatlar yaratiladi, deydi u.
Sanjar Umarov muxolif faoliyati uchun O’zbekistonda bir necha yil qamoqda o’tirib chiqqan. Bugungi kunda Tennessi shtatida yashaydi. Bostonga anjumanga keldi. Yoshlar oldida so’zladi.
“2014-yil Markaziy Osiyo uchun muhim davr... Afg'onistondan AQSh qo'shinlari chiqmoqda. O'zbekistonda prezident saylovlari yaqinlashmoqda”,- deydi muxolifatchi.
Sanjar Umarov qayerda so’zlamasin, Vashington qarorlariga ta’sir qila olish o’ta muhim vazifa ekanini ta’kidlaydi. AQSh O’zbekistonga nisbatan biz xohlagandek siyosat yuritsin desak, bu davlat fuqaroligini olganlar Kongressdagi vakillar bilan muloqotni kuchaytirishi lozim, deydi u.
“Bu yerdagi demokratik imkoniyatlardan foydalanish kerak. Har shtatda ikkitadan senator bor. Har bir hududning o’z kongressmeni bor. Ularga murojaat qilish mumkin. Masalan, biz Tennesidan saylangan qonunchilar bilan yaxshi aloqadamiz. Senatorlar va kongressmenlar O’zbekiston haqida qancha ko’p bilsa, shuncha yaxshi”,- deydi Sanjar Umarov.
Sanjar Umarov: Amerika fuqarosimisiz, demokratik imkoniyatlardan foydalaning!
Your browser doesn’t support HTML5
BOSTON —