Oxirgi yillarda elektron sigaretalar ommaviylashib bormoqda. Umrida sigareta chekmagan yoshlar orasida ham unga o'rganganlar ko'p. Yangi bir tadqiqot natijasiga ko'ra, elektron mahsulot chekuvchi o'smirlarda kelajakda haqiqiy tamaki chekish ehtimoli yuqoriroq bo'ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Elektron sigaretalar dastlab chekishni tark etish niyatida bo'lgan odamlar uchun chiqarilgan edi.
Elektron yoki i-sigaretalar deb ataluvchi moslama nikotinni qizitib, bug' orqali o'pkaga yuboradi. Unga solinadigan nikotin miqdorining qancha bo'lishini har bir odamning o'zi belgilaydi.
"Saqich, qand kabi jozibali ta'mlar bilan keladi. Juda zamonaviy, yuqori texnologik mahsulotidek ko'riadi", - deydi Janubiy Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Adam Levental.
Elektron tamaki jozibador va shirin ta'mga ega bo'lgani uchun uni chekuvchi o'smirlar haddan ziyod ko'payib ketdi. Mishel Merkado hozir oddiy sigareta chekadi. O'smirligida chekishni elektron sigaretadan boshlagan.
"Maktablarda yuqori sinf o'quvchilari va yoshlar orasida bu narsaga o'rganish tez urf bo'lmoqda", - deydi u.
Adam Levental va boshqa tadqiqotchilar Los-Anjelesda 200 dan ortiq yuqori sinf o'quvchilari orasida so'rov o'tkazdi. 9-sinf o'quvchilarining barchasi hech qanday tamaki mahsuloti iste'mol qilmasligini, ammo ayrimlari elektron sigareta chekib ko'rganini aytgan.
"I-sigareta chekkan va chekmagan o'smirlarni solishtirib, haqiqiy tamaki chekishga moyillikka bog'liqlikni o'rgandik", - deydi Levental.
Olti oydan so'ng 10-sinfga ko'chgan talabalar yana so'roqqa tutildi.
"Elektron sigareta chekkanlarda haqiqiy tamaki chekish ehtimoli boshqalarga qaraganda to'rt baravar ko'p ekani aniqlandi", - deydi tadqiqotchi.
Leventalning aytishicha, i-sigareta chekuvchi yoshlar yangi kashandalar avlodini keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqot natijalari Amerika Tibbiyot uyushmasi jurnalida chop etilgan.