Olimlar: Zikaga qarshi dori yo'q, virusdan saqlaning

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Zikaga qarshi vaksina yo'q

Zika virusi ilk bor 1947-yilda Afrikada qayd etilgan bo’lsa-da, olimlar vaksina yaratishga endi kirishmoqda. Chivinlar orqali tarqaluvchi bu virus shu kungacha katta xavf deb ko’rilmagan. Zika shu yil oxirigacha to’rt million odamga yuqishi mumkin.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Zika virusini global salomatlik uchun tahdid deb e’lon qilgan. Bu kasallik kattalarda falaj va miya infeksiyalariga yetaklashi mumkin, ammo eng dashshatli oqibatlari homila rivojlanishida namoyon bo’ladi.

Jons Xopkins tibbiyot markazida o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, Zika miya hujayralarini zaharlaydi va o’ldiradi.

Braziliyadagi homilador ayollar ishtirokida o’tkazilgan boshqa bir izlanish shuni ko’rsatdiki, virusni yuqtirgan ayollar homilasining 29 foizida abnormal jarayonlar kuzatilgan.

“Vahimali jihati ham shu. 29 foiz juda katta raqam, vaholanki, bu holatlarni oldindan aniqlasa bo’ladi”, - deydi doktor Entoni Fauchi.

Ultratovush tekshiruvida ko’rinmaydigan nuqsonlar, masalan, ko’zi ojizlik, karlik, aqlan zaiflik kabi muammolar, deydi u, bola tug’ilganidan keyin namoyon bo’lishi tayin.

Lotin Amerikasi va Karib mintaqasi aholisi, ayniqsa, kambag’al ayollarga maslahat oddiygina:

“Virusni yuqtirmang. Vaksina oling. Yagona yo’li shu”.

Lekin hozircha Zikaga qarshi vaksina yo’q. Dorini yaratish ustida izlanishlar boshlangan, ikki-uch yilda tayyor bo’lishi mumkin.

“Hozir eng muhimi virusni tarqatayotgan chivinlarni kamaytirish ustida jadalroq ish olib borish lozim. Vaksina tayyor bo’lgach, emlash yo’lga qo’yiladi”, - deydi doktor Fauchi.

Yana bir muammo bu - mablag’. Kongress Zika bo’yicha izlanishlarni davom ettirish uchun ham, aholi himoyasi uchun ham qo’shimcha pul ajratmagan. Busiz tadqiqotlar sekinlashadi yoki umuman to’xtaydi.