Din

Ma’naviyat va e’tiqod Amerika o’quv maskanlarida muhim masala

  • Amerika Ovozi

Ma’naviyat va e’tiqod Amerika o’quv maskanlarida muhim masala

Amerika universitetlarida kimlar tahsil olmaydi deysiz. Turli mamlakat, elat va din vakillari. Talabalarning ma’naviy va ruhiy o’sishi, tabiiyki, ularning bilim darajasini ham oshiradi. Ko’plab oliygohlarda e’tiqod va ma’naviyat masalalari bilan shug’ullanadigan maxsus bo’limlar bor. Janubiy Kaliforniya Universitetda, masalan, hindistonlik huquqshunos va dinshunos olim Varun Soni bu ishlar uchun mas’ul.

Hindlarning Divali bayrami… Uni Janubiy Kaliforniya Universiteti o’qituvchi va talabalari keng nishonlaydi. Chunki, bu ayyom - kampusdagi yuzlab yoshlar uchun muhim tantana. Diniy-etnik xilma-xillik...

37 yoshli Varun Soni 50 ruhoniyga rahbarlik qiladi. Bu guruh talabalarga din va ma’naviyat masalalarida maslahat beradi, jumboqlarni yechishda yordamlashadi. Ibodatlarga rahnamo. Mazkur idorani uch yildan buyon boshqarib kelayotgan Sonining o’zi taqvodor emas. Huquqshunos, din bo’yicha olim bir vaqtlar Hindistonda o’z biznesiga ega bo’lgan va amerikaliklar bilan ish yuritgan.

“Mendek odam uchun bunday lavozimni egallash – g’ayrioddiy hol, albatta. Men Amerika tarixida universitet diniy rahbari bo’lgan birinchi hindman. Bu vazifani bajarayotgan va nasroniy bo’lmagan yagona odamman”.

Amerika oliygohlarida hind talabalar o'nlab mingni tashkil etadi

Qo’shma Shtatlarda katta bo’lgan Soni o’zining ko’plab do’stlari singari dindan biroz uzoq edi. Ammo oilasi va yaqinlari bilan hind bayramlarini doimo nishonlab kelgan.

“Biroq din va ma’naviyat nuqtai nazaridan, biz o’z an’analarimiz haqida tasavvurga ega emasdik. Keyinroq hinduizm va buddizm, dinimiz va urf-odatlarimiz haqida o’rgandim”.

Varun Soni buddizmni Hindistonning Bodgaya shahrida o’qidi. Bu dinga ko’ra, Budda iymon nimaligini aynan shu yerda anglab yetgan. Soni shu sohada doktorlik ishini yoqladi.

Varun Soni dinshunos, huquqshunos

Ancha payt huquqshunoslikdan dars berdi. Hozir esa talabalar bilan din va e’tiqod, qolaversa shaxsiy masalalar yuzasidan muloqot qilish – kundalik ishi. Teologiya bo’yicha izlanayotgan yoshlarga maslakdosh.

“Hayotimni belgilab bergan va unda burilishlar yasagan damlar maktab yoki universitetda emas, do’stlar davrasida, odamlar orasida yuz bergan”.

Ijtimoiy foydali mehnat, ayniqsa kambag’al oilalarga yordamlashish – mehr-muruvvatli bo’lishga undovchi omil, deydi u.

“Ko’rayotganimiz - talabalarning yangi avlodi. Ular an’anaviy diniy urf-odatlarga qiziqmaydi, qotib qolgan bilimga intilmaydi. Ular birgalikda ezgu ishlar qilishni xohlaydi. Dinni ochiq muhokama qilishni istaydi”.

Amerika universitetlari, xuddi bu xalq kabi, doimo o’zgarishda. Varun Sonining bu lavozimga tayinlanishi tobora kuchayib borayotgan diniy xilma-xillikning bir ko’rinishi, deydi uning hamkasbi, Stenford Universitetining diniy masalalar bo’yicha dekani Skotti MakLennan.

Amerika universitetlari diniy jihatdan bag'rikeng dargohlar

“Maqsad – barcha talabalar, o’qituvchilar, xodimlarning savollariga javob bera olish. Ularning diniy bilim darajasidan qat’iy nazar, o’z dinini mukammal bilish va boshqa dinlardan boxabar bo’lish”.

Boshqa din vakillari bilan muloqot qilgan odam o’z iymon-e’tiqodini mustahkamlaydi, deydi bu yetakchilar.

Hind-amerikaliklar ilgari ko’proq tibbiyot, huquq va muhandislik sohalarida ishlar edi. Bugun bu o’zgarmoqda.

“Oramizda siyosatchi, yozuvchi, artist, olim va tadbirkorlar bor, shifokor, huquqshunos va muhandislar kabi. O’ylaymanki, bugungi kunda kelib chiqishi hindistonlik bo’lgan amerikaliklar oldida imkoniyat katta”.

Varun Soni boshqa ko’plab muhojir va ularning farzandlari singari o’zini Amerika jamiyatining ajralmas qismi deb biladi. Lekin, deydi u, ildimizni ham unutmaymiz.