Adolf Gitlerning “Mayn Kampf” (Mein Kampf), ya'ni “Mening kurashim” nomli kitobi 70 yilda ilk bor qayta chop etilib, jahon kitob rastalarida paydo bo’ladi. Joriy oy chiqadigan kitob tarixchilarning izohi bilan boyitilgan. Shu paytgacha asarning mualliflik huquqlari Germaniyaning Bavariya federal yerlariga qarashli bo’lib, uni nashrdan chiqarish man qilingan edi. Yanvar boshida mualliflik huquqlarining muddati nihoyasiga yetdi. Gitlerning kitobini hozir chop etish to’g’rimi?
Your browser doesn’t support HTML5
Bavariya 1945-yildan beri Gitler kitobini bosishni taqiqlab, shu tariqa natsistlar qurbonlari xotirasiga izzat ko’rsatib kelgan. Lekin muallif o’limidan 70 yil o’tib, ya’ni 1-yanvardan asar xalq mulkiga aylandi va bir necha noshir izohlar bilan to’ldirgan holda uni qayta chiqarishga tayyor.
Yahudiy jamoalar ishonchi komilki, bu - vahshiy mafkurani kuylagan kitob.
“Mayn Kampf”ni kitob rastalarida ko’rishni hatto tasavvur qila olmayman. Qonun oraga tushib, buni taqiqlashadi deb umid qilaman”, - deydi Sharlot Noblok, Germaniyadagi yahudiy jamoasi vakilasi.
Kitob Germaniyada man etilmagan va hukumatning bu borada qo’li kalta.
“Mualliflik huquqini pesh qilib bo’lmaydi endi, muhlati tugadi. Lekin nafrat, nifoqni targ’ib qilganlikni vaj qilish mumkin. Nafrat va adovatni qo’zg’atuvchi jinoyatlar izchil jazolanadi”, - deydi Germaniya Adliya vaziri Xeyko Maas.
Lekin boshqalar e’tirozi shuki, 800 betlik kitob atrofidagi afsonalar barham topishi kerak. Buning uchun maxsus izohlar bilan qayta bosilishi shart.
“Mayn Kampf” qandaydir bir ilohiy adabiyot deya ko’rilmasligi lozim. Uni tarixchilar, jamiyatshunoslar izohlab berishi muhim. Shunday qilgan taqdirda, asar jamiyatning miyasini boshqa zaharlay olmaydi. Qarang, muhojirlarga qarshi ayrim guruhlar ko’r-ko’rona “Mayn Kampf”ga amal qiladi”, - deydi muhandis Timo Shnirlayn.
Gitlerning asari bir necha davlatda, jumladan, Avstriya, Niderlandiyada taqiqda. Isroilda ham shu, faqat kitobning qisqa shaklini ilmiy izlanishlar uchun o’qish mumkin. Lekin isroillik ayrim olimlar uning to’liq nashri kitobxonga havola qilinishi lozim, deydi.
“Gitler “Mayn Kampf”ning ustida uzoq o’ylangan, ishlagan. Uning faqat ayrim boblarini o’qib, to’liq xulosa chiqarish qiyin. Bu odamning hayoti, bolaligi haqida atroflicha bilimga ega bo’lmoqchi bo’lsak, asarni butunlay o’qib chiqa olishimiz muhim”, - deydi Xolokost fojeasini o’rgangan Den Mixman.
Isroil jamoatchiligi ikkilanib qolgan.
“Mushkul masala. Bir tomondan, nafratga to’la “Mayn Kampf” yana ham ko’proq chop etilishi odamning etini jimirlatib yuboradi. Lekin boshqa tomondan, so’z erkinligini taqiqlab bo’lmaydi. Xullas, boshim qotib qolgan”, - deydi qudduslik Ayo Oppenxaymer.
“Mayn Kampf”da Gitlerning mafkurasi bitilgan va u yuritgan natsional-sotsializm g’oyalariga asos bo’lgan. Asarni u 1923-yilda, Myunxenda isyon ko’tarishga uringani uchun Bavariyada qamoqda o’tirganida yozgan.