BMT: Huquqbuzarlik bugun siyosatga aylangan

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Antonio Guterres Inson huquqlari kengashida, Jeneva, 27-fevral, 2017

Inson huquqlari bo'yicha BMTda bosh rasmiy Ziyod Raad al-Husayn deydiki, siyosat aslida erkinlik va adolatga asoslanishi kerak. Lekin bugun buning aksi, deydi u, huquq - siyosat qurboni.

Uzviy huquqlar poymol etilaversa, global tinchlikka tahdid oshaveradi. Jahon rahbarlari buni tushunib yetishi zarur, deydi Husayn, aks holda beqarorlik kengayadi.

Ikkinchi jahon urushidan beri xalqaro maydonda qonun ustuvorligi, erkinlik, adolat va inson huquqlariga e'tibor oshdi, deya so'zladi BMT rasmiysi Jenevada o'tgan majlisda. Biroq ko'plab rahbarlar bugun o'z siyosiy kelajagini ta'minlash maqdadida huquqni muntazam ravishda buzishni odat qilgan.

O'z mamlakatidagi qonunlar, shuningdek, xalqaro normalarni oyoqosti qilish shu qadar keng tarqalgan holatki, bu borada aksariyat hollatda hech kim javob bermaydi. Jamoatchilik, fuqarolar, erkinlik tarafdorlari, tabiiyki, norozi.

Adolat talabi so'nmaydi. Mutasaddilar esa xalq dardiga boshog'riq sifatida qarab, tanqidiy ovozlarni o'chirishga urinadi. Odamlarga erkinlik kerak emas, deb o'ylash dahshatli holatlarga yetaklaydi, deydi Husayn. Huquq bebaho ne'mat, uni ardoqlash har bir fuqaroning burchi, deydi BMT rasmiysi.

Bosh kotib Antonio Guterres nazarida huquqbuzarlik "keng tarqalgan kasallik". Huquqni buzish eng razil harakat, lekin bugun bundan uyalmay qolishgan, deydi u. Aksincha, huquqbuzarlik - siyosat, deya qayd etadi Guterres.

“Populizm, ekstremizm, irqchilik, zenofobiya, anti-semitizm, islomofobiya, toqatsizlik, har tomonlama kamsitish hollari... Odamlarni etnik kelib chiqishi, jinsi va diniga qarab ajratish har bir jamiyatda tobora keng quloch yozayotgan muammo", - deya ta'riflaydi u.

BMT aslida mana shunday illatlarni bartaraf etish uchun tuzilgan organ. Unga a'zo har bir davlat erkinlik, huquq va adolatni hamma narsadan ustun qo'yishi lozim.

BMT rasmiylari Jenevadagi majlisda so'zlar ekan, mamlakatlarni o'z fuqarolarini e'zozlab, qonun ustuvorligini ta'minlashga undadi. Xalqaro majburiyatlarni unutmang, deya eslatdi ular.