2014-yil inson huquqlari uchun eng yomon davr

  • Amerika Ovozi

Donetsk, Ukraina

Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kuni. 2014-yil inson huquqlari qattiq poymol etilgan yil bo’ldi. Bunga asosan urushlar sabab bo’ldi, mojarolar keskinlashdi.

Suriyada fuqarolar urushi yuz minglab odamlarning yostig’ini quritdi, millionlab insonlar uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi. Mojaro kuchayib, qo’shni Iroqqa ham tarqaldi, uning ko’lami kengayib, ishtirokchilari ko’paydi - hukumat kuchlari, mo’tadil muxolifat, islomiy jangarilar, kurd jangchilari hudud uchun kurashmoqda.

Dunyo hamjamiyati mas’uliyatni o’z bo’yniga olishi kerak, deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili Stiv Krosho.

“Xalqaro hamjamiyat Suriyada mojaroga ertaroq barham bera olmadi, inson huquqlarining poymol etilishi haqda dunyoga yetarlicha bong urmadi, ularni himoya qilish uchun keraklicha bosim qo’ymadi”, - deydi u.

Vaziyatni o’rganuvchi Human Rights Watch (Xyuman Rayts Uotch) tashkiloti direktori Kennet Rotning aytishicha, Suriya armiyasi vertolyotlardan portlovchi modda solingan bochkalarni tashlab, minglab fuqarolarni o’ldirgan. Suriyaning asosiy ittifoqchilaridan bo’lgan Rossiya bunga e’tiroz bildirishi kerak, deydi Rot.

“Bunday havo hujumlari “Islomiy davlat”ga “biz Rossiya qo’llab-quvvatlayotgan hukumatga, o’z fuqarolarini yo’q qilayotgan hukumatga qarshi kurashyapmiz” deyishga asos bo’lmoqda”, - deydi tashkilot rahbari.

Human Rights Watch nazarida Moskva Ukraina sharqida ham isyonchilarni qo’llab-quvvatlab, mojaroning kuchayishiga sabab bo’lmoqda. Hududda shu kungacha 4500 odam nobud bo’ldi, inson o’g’irlash va qiynoqqa solish hollari aniqlandi. Yaqinda Moskvaga safar qilgan Kennet Rot vaziyat yomonlashishi mumkin deya bashorat qildi.

“Bularning barchasiga siyosiy beqarorlik sabab. Putinning Ukrainadagi avantyurasi oqibatida Rossiyaning iqtisodiy muammolari kuchaygani sari vaziyat yanada yomonlashadi deb o’ylayman”, - deydi Rot.

Moskvaning tobora yakkalanayotgani Rossiyada Sovet davridan beri muxolif qarashlarga bosimning kuchayishiga yetakladi, deydi Kennet Rot.

“Agar Putinga kerak bo’lsa, tanqidga qarshi bosim yanada kuchayadi, bunga sharoit bor”, - deydi u.

Xalqaro Amnistiya nazarida yaqinda Gonkongda bo’lgan namoyishlarni bostirgan Xitoy ham inson huquqlarini himoya qilish bobida qo’lga kiritgan yutuqlarini boy bermoqda.

“So’z va uyushish erkinligi kabi asosiy huquqlar inkor etilmoqda”, - deydi tashkilot xodimi Stiv Krosho.

Afrikada islomiy jangari guruhlarning kuchayishi inson huquqlarining keng miqyosda buzilishiga yetaklamoqda. Nigeriyada Boko Haram guruhining qonli xurujlari kuchaygan, hukumat askarlari esa kallakesarlikda, qiynoqlarda ayblanmoqda.

Misrda esa huquq faollari arab bahorining umidlari so’ngani haqida gapirmoqda. Biroq hamma joyda ham vaziyat yomon emas, deydi Xalqaro Amnistiya xodimi.

“Shri-Lankada 2009-yilda o’n minglab odamlarning yostig’ini quritgan voqealar bo’yicha xalqaro tergov boshlandi. Bundan tashqari BMT qurol savdosini cheklovchi bitim qabul qildi - 20 yillik harakatlarimiz samarasi”, - deydi Stiv Krosho.