Birlashgan Millatlar Tashkilotining eslatishicha, huquq va adolatsiz insoniyat kelajagini ta'minlash mumkin emas.
10-dekabr 1950-yildan beri xalqaro maydonda Inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi. BMT 1948-yilda Inson huquqlari bo'yicha umumbashariy deklaratsiya qabul qilgan. Dunyoda eng ko'p tilga tarjima qilingan bu hujjat har bir davlat va uning fuqarosi uchun tinchlik, ahillik va adolat garovi bo'lishi kerak.
Biroq yer shari bo'ylab huquq har kuni muntazam va qo'pol ravishda buziladi. Ekstremist kuchlar, masalan, minglab insonlarni qiynoqqa solib, ularning jonini olmoqda. Toqatsizlik va nafrat urug'ini sochayotgan tomonlar javobgarlikka tutilmaydi. Inson qadriyatlari poymol etilmoqda.
Inson insonni kamsitmasligi, uning huquqini buzmasligi, adolat uchun kurashishi kerak, deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.
Pan Gi Mun va Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar Ziyod Raad al-Husayn har bir a'zo davlat o'z fuqarolarini teng ko'rib, himoya qilishi va ularning huquqlarini e'zozlashi kerak deya tashkilot talablarini eslatmoqda. Inson boshqa bir insonning huquqi buzilganida qarab turmasligi kerak. Huquq va erkinlik eng bebaho ne'mat, deydi ular.
Qochqinlar, migrantlar, nogironlar va imkoniyati cheklanganlar, gomoseksual odamlar, ayol, bola, ozchilikdagi elatlar, ozchilikdagi diniy guruhlar - kim bo'lmasin, hech kim hech kimni kamsita olmaydi, bunga haqqi yo'q.