AQSh Davlat departamenti inson huquqlariga oid yillik hisobotini chiqardi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat departamenti inson huquqlari bo'yicha yillik hisobotini chiqardi. 2015-yil, deyiladi unda, qator davlatlarda boshqaruv izdan chiqqani, terrorchi guruhlar sodir etayotgan vahshiyliklar va huquq faollariga bosimlar oshgani bilan esda qoladi.

"Islomiy davlat" ekstremistlar guruhining Suriya va Iroqda ozchilikdagi guruhlarga qarshi sodir etgan jinoyatlarini AQSh genotsid deya belgilagan. Yevropada qochqinlar inqirozi, Yaqin Sharqda esa gumanitar krisiz davom etayapti.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hisobotni taqdim etdi.

"Inson huquqlarining ashaddiy tarzda buzilishini Yaqin Sharqda ko'rayapmiz. Bunga hissa qo'shayotgan ikki asosiy omil bu - terrorizm va Suriyadagi urush", - deydi diplomat.

Jurnalistlar va hukumat tanqidchilari qattiq bosimga olinayotgan davlatlar qatorida u Xitoy, Turkiya, Rossiya, Eron va Kubani sanab o'tdi.

Rasmiylarning aytishicha, yillik hisobotning AQSh tashqi yordam dasturlariga bevosita ta'siri bor.

"Muayyan davlatda xavfsizlik kuchlari huquqni poymol etganlikda ayblansa, qo'limizda buni isbotlovchi dalillar bo'lsa, yordam uziladi", - deydi davlat kotibi muovini Tom Malinovskiy.

Inson huquqlari bo'yicha hisobot har yili Kongress talabiga binoan tayyorlanadi.