“Chegara Bilmas Shifokorlar” (Médecins Sans Frontières) xalqaro tashkiloti dunyoning eng qaynoq nuqtalarida, jumladan Somali, Afg’oniston va Falastinda faoliyat yuritadi. Gumanitar yordam yetkazish og’ir va mashaqqatli ish, ba’zida qurollangan to’dalar bilan murosa va muzokara talab qiladi, deydi tashkilot xodimlari.
“2004-yilda 5 xodimimiz Afg’onistonda halok bo’ldi. Yana 3 nafari Somalida. Niger va Sudandan haydab yuborishdi. Bu holatlar ko’pincha gumanitar va siyosiy- harbiy maqsadlar to’qnashuvi oqibati deb ko’riladi. Ammo ishimiz tobora qiyinlashib borayotgani ayon”, - deydi tashkilotning Parijdagi tadqiqotlar markazi rahbari Mikael Nyuman.
Xalqaro tashkilotlar xodimlari uchun xavfsiz zonalar yaratilishi kerak, deydi u.
Bu esa muzokara talab qiladi. Barcha tomonlar bilan muloqotga tayyor bo’lish, tashkilot betaraf ekanini tushuntirish zarur.
"Ishimiz murosa va kelishuv talab qiladi", - deydi Mikael Nyuman, o'z tajribasiga tayanib.
“Aytaylik, Somalida ishlamoqchisiz. U yerda na hukumat, na sog’liqni saqlash tizimi mavjud. Har qadamda muzokara. Mashinani ijaraga olish, odam yollash, ham muvaqqat hukumatga, ham isyonchilarga soliq to’lash. Klinika qanday faoliyat yuritishini ham kelishib olasiz”.
“Chegara Bilmas Shifokorlar” missiyani tugatishga qaror qilgan hollar ham bo’lgan. Masalan, Liviyaning Misrata shahrida.
Insonparvarlik oliy qadriyat, deydi suhbatdosh, lekin maqsadga ba’zida erisha olmaslik mumkinligini ham tan olasiz.