Dunyoning yuzlab olimlari birgalikda e'lon qilgan bayonotga ko'ra, g'arbiy Shinjon viloyatida etnik uyg'urlarni ommaviy lagerlarda saqlayotgani uchun Xitoy xalqaro sanksiyalar bilan jazolanishi kerak. Agar chora ko'rilmasa, dunyo ahli "begunoh oddiy fuqarolarning ruhiy qiynoqqa solinishi"ga rozilik bildirgan bo'ladi, deydi ular.
So'nggi oylarda uyg'urlarning lagerlarda saqlanishi bo'yicha Pekin faollar, xalqaro tashkilotlar va hukumatlarning keskin noroziligiga duchor bo'lmoqda.
Avgust oyida BMTning inson huquqlari guruhi e'lon qilgan hujjatda bir million yoki undan ortiq uyg'urlar va boshqa etnik ozchilik elatlar mintaqada tashkil etilgan "qayta tarbiyalanish" lagerlarida saqlanayotgani aytilgan edi.
Turli sohalardan va o'ndan ortiq mamlakatdan bo'lgan 278 olim Vashingtonda o'tgan anjumanda Xitoyni oddiy fuqarolarni hibsda saqlash siyosatidan voz kechishga undadi va bunga aloqador Xitoy yetakchilari hamda xavfsizlik kompaniyalarini jazolashni taklif qildi.
"Hukumatlar o'z aholisining bir qismini tazyiqqa olishi bo'yicha kelajakda salbiy pretsedent o'rnatilishining oldini olish uchun bu vaziyatga e'tibor berilishi kerak", - deyiladi olimlar guruhi e'lon qilgan bayonotda.
Shuningdek, ular shinjonlik uyg'ur qochqinlarning siyosiy boshpana so'rash arizalarini tezroq hal qilishni hamda BMTda Xitoydagi ommaviy hibsga olish holatini tekshirishni va lagerlarni yopishni taklif qiladi.
Xitoy hukumati ayblovlarni inkor qilib, ozchilik elatlarning dini va madaniyatlarini hurmat qilishini, xavfsizlik bo'yicha ko'rilayotgan choralar faqat ekstremizmga qarshi kurash doirasida olib borilayotganini aytadi.
Tanqidlar kuchayishi ortidan Pekin ayrim shaxslar kichik xatolar uchun "tarbiyaviy" markazlarga jo'natilishini tan oldi va bu yerda ularni yaxshiroq fuqaro qilish maqsadida ta'lim-tarbiya darslari berilishini ma'lum qildi.
Avstraliya Milliy universiteti tadqiqotchisi Maykl Klarkning aytishicha, xalqaro maydonda ko'proq ovozga ega bo'lishni istayotgan Pekin, avvalo, o'z fuqarolarini hurmat qilishni o'rganishi kerak.
"O'z aholisiga adolat qilmaguncha xalqaro hamjamiyat Pekinga u xohlagan narsani bermasligi kerak", - dedi Klark.