Shu hafta AQSh Senatida immigratsiya tizimini isloh qilish muhokamaga qo’yiladi. Prezident Donald Trampning aytishicha, immigratsiya tizimi islohoti birinchi navbatda xavfsizlik bilan bog’liq.
“Qonunchiligimizdagi kamchiliklar sabab jinoyatchilar va jinoiy to’dalar a’zolari mamlakatimizga kirib kelmoqda. Kongress zudlik bilan bu kamchiliklarni bartaraf etib, jamoalarimiz yuzlashayotgan tahdidlarga chek qo’yishi, soliq to’lovchilar og’irini yengil qilishi kerak”, - dedi Tramp haftalik murojaatida.
Har ikki asosiy partiyaga a’zo ko’p qonunchilar birinchi navbatda hujjatsiz yosh muhojirlar taqdiridan bezovta. Yangi qonun qabul qilinmasa, yuz minglab yoshlar Amerikadan deportatsiya qilinishi mumkin. Ba’zi respublikachilar qonuniy immigratsiyani cheklamoqchi, talablarni o’zgartirmoqchi. Bu esa Amerikaga borishni niyat qilgan odamlarning orzularini puchga chiqarishi mumkin.
Tramp o’tgan yil dekabr oyida DAKA degan dasturni yopishga qaror qilgan edi. Ushbu dastur bolaligida Amerikaga kelib qolgan hujjatsiz muhojirlarni vaqtincha o’qish va ishlash huquqi bilan ta’minlagan. Tramp farmoniga ko’ra, dastur 5-mart kuni kuchini yo’qotadi. Uning himoyasidagi minglab yoshlar xavotirda.
“5-martgacha bir qarorga kelmasak, har kuni o’rtacha mingta yigit-qiz vaqtincha himoyadan ayriladi”, - deydi islohot tarafdori, Illinoys shtatidan Senatga saylangan demokrat Dik Durbin.
Oklaxoma vakili, respublikachi senator Jeyms Lenkfordning aytishicha, yoshlarning aksariyati Amerikada voyaga yetgan, qonunchilar ularga imkoniyat berishi kerak.
Prezident DAKA dasturi bilan cheklanmoqchi emas, u keng qamrovli islohotlar tarafdori.
“Chegarada devor quramiz. Immigratsiya tizimini xavfsizroq, zamonaviyroq va qonuniyroq qilish uchun chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlab, zanjirli migratsiyaga barham berib, bemaza viza lotereya dasturiga chek qo’yish kerak”, - degan Tramp Oq uydagi chiqishida.
AQSh-Meksika chegarasida devor qurishdan tashqari Tramp Amerikaga kelayotgan immigrantlar sonini cheklashni, ilg’or kasb-hunarga ega odamlarning mamlakatga kelishini istaydi.
Senatda ozchilik sardori, nyu-yorklik demokrat Chak Shumerning aytishicha, yuqori va quyi palatalarda qonunchilar masalani hal qilishga tayyor.
Tramp DAKA dasturi qatnashchilari va DAKA talablariga javob beruvchi muhojirlardan 1,8 million nafariga Amerika fuqaroligini olish imkoniyatini yaqinda taklif etdi. Respublikachi senator Jon Korninning aytishicha, bunday taklif hatto DAKAga asos solgan demokrat Prezident Barak Obamadan ham tushmagan.
Senatda ko’pchilik sardori, Kentuki shtatidan senator Mitch Makkonel palatadagi muhokama qanday natija berishini bilmasligini aytadi.
“Buni bashorat qila olmayman. Mutlaq ko’pchilik qonun loyihasini qo’llab-quvvatlashiga ham kafolat berolmayman. Biroq jarayon barcha taraflar uchun adolatli bo’lishini ta’minlaymiz”, - deydi Makkonel.
“Albatta, biz bu muammoni, barcha chigal masalalarni bir haftada hal qila olmaymiz”, - dedi Meyn shtatidan senator Angus King.
Makkonel Senatdagi munozara, muhokama ochiq bo’lishini aytmoqda, ya’ni notiqlarning vaqti cheklanmaydi, har ikki partiya a’zolari cheklanmagan ravishda takliflar kiritishi mumkin bo’ladi. Loyiha Senatda ma’qullansa, Vakillar palatasi ham uni yoqlashi, so’ng esa qonunga aylanishi uchun Tramp hujjatni imzolashi kerak bo’ladi.