Breaking News

Tramp: axlatga botgan davlatlardan immigrantlar bizga nega kerak?


Oq uyda qonunchilar bilan majlisda, AQSh rahbari Donald Tramp immigratsiya islohoti bobida ular bilan kelisha olmayotganidan xunobi oshib, muhojirlarni so'kkan. Yig'ilishda qatnashganlarning "Vashington Post" gazetasiga aytishicha, Tramp "axlatga botgan davlatlardan immigrantlar bizga nega kerak?" - deya xitob qilgan.

Gap aynan Gaiti, Salvador va Afrika mamlakatlaridan immigrantlar oqimini to'smaslik haqida ketayotgan bo'lgan. Tramp bunga qarshi.

Respublikachi senator Lindzi Grem va demokrat senator Richard Durbin grin-karta lotereyasi dasturini 50 foizga qisqartirishni taklif qilmoqda. Unda fuqarolari qatnashishi mumkin bo'lgan davlatlar ro'yxatini ham qayta ko'rib chiqish muhokamada.

Oq uy Trampning gaplarini oqlashga harakat qilib, quyidagicha bayonot berdi:

“Vashingtonda siyosatchilar xorijiy davlatlar manfaati uchun kurashishni ma'qul ko'rsa, Prezident Tramp Amerika xalqi uchun kurashmoqda. Prezident mamlakatimizga iqtidorli, uni yuksaltirishga qodir odamlar kelishini xohlaydi, toki ular iqtisodiyotimizni ko'tarsin, jamiyatimizga qo'shilib, foyda keltirsin".

Tramp turli dasturlar orqali himoya ostida bo'lgan immigrantlar, xususan Salvadordan kelgan muhojirlar uchun endi eshik yopilsin, deya undamoqda. Hujjati yangilanmasa, bu muhojirlar vataniga qaytishga majbur bo'ladi. Bu yil bu borada choralar ko'rish uchun 1,5 milliard dollar sarflash rejalangan. Lekin bu taklif hali Kongress tomonidan ma'qullanmagan.

Prezident bilan konstruktiv muloqot qilish uchun kelganini aytgan senatorlar Grem va Durbin majlisda boshqalar qatnashganidan norozi.

Qo'shma Shtatlarda 12 millionga yaqin hujjatsiz immigrant bor. Har yili o'rtacha 400 ming muhojir deportatsiya qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG