AQShdagi muhojirlar kelajakdan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShdagi ispanzabon va osiyolik fuqarolar hanuz saylov natijalaridan hayratda. Donald Tramp g'alaba qozonishi ortidan ko'plab muhojir amerikaliklar kelajakdan xavotir bildirmoqda, ammo umidni uzgani yo'q.

Kutilmagan saylov natijasi ko'pchilikni karaxt qilib qo'ydi.

"Oilam uchun xavotirdaman. Do'stlarim va hamkasblarim uchun qo'rquvdaman", - deydi fuqarolardan biri.

Blanka Flores asli Salvadordan. U va boshqa faollar Tramp navbatdagi prezident bo'lsa ham muhojirlar, xususan, hujjatsiz immigrantlar huquqlari uchun kurashni davom ettirmoqchi.

"U menga o'xshagan muhojirlarni va oilamni haydashga so'z bergan. Lekin biz kurashamiz. Kuchimiz boricha kurashamiz. Biz shu yerda qolamiz. Hech qayerga ketmaymiz. Chunki bu yer bizning uyimiz", - deydi u.

Pedro Trujillo Obama uning qonuniy ishlashiga ruxsat beruvchi farmonini chiqarguncha hujjatsiz muhojir edi. AQShga u bolaligida kelgan. Tramp prezident bo'lsa, uning bu yerda qolish-qolmasligi mavhumlashadi. Hujjatsiz muhojirlar shundan xavotirda.

"Koreyaliklar, boshqa osiyolik muhojirlar jamoalari eng ko'p aziyat chekishi mumkin. Chunki ular orasida hujjatsizlar ko'p", - deydi huquq faoli Jonatan Pak.

Ko'plab muhojirlar Trampdan qo'rqayotgan bir paytda unga ovoz berganlar yangi prezident haqida ijobiy fikrda.

"U men uchun bobomdek. Balki bunchalar qari emasdir, lekin shunday his qilaman. U bizga namuna bo'la oladigan odam", - deydi Tramp tarafdorlaridan biri.

"Tramp uchun xitoy amerikaliklar" guruhi asoschisi Deyvid Van Tramp bilan uchrashgan va unga ishonadi.

"Ta'lim, immigratsiya, milliy xavfsizlik, iqtisodiyot va tashqi siyosatga e'tibor beriladi. Trampda xarizma bor, uni shuning uchun sevamiz. Siyosiy to'g'rilikning adabini beradi. U biz aytishga qo'rqadigan narsalarni ochiq gapiradi", - deydi u.

Vanning aytishicha, "Tramp uchun xitoy amerikaliklar" guruhi uch kishi bilan boshlangan. Hozir 8000 a'zosi bor. Ularning aksariyati asli xitoylik muhojirlar. Guruhni harakatga aylantirdik va u davom etadi, deydi Van.

"So'zimni yozib oling. Kelasi saylovda har bir shaharda xitoyliklar nimadir qilayotganini ko'rasiz. Shunga va'da beraman", - deydi u.

Van kabi ayrim muhojirlar o'zgarishlardan xursand. Ammo ko'plab ispanzabon va boshqa osiyolik immigrantlar kelasi to'rt yil davomida Obama erishgan barcha muvaffaqiyatlarning yo'q qilinishidan xavotirda.