Qo’shnilar Pokiston yangi hukumatidan nima kutayapti?

  • Amerika Ovozi
Pokistonda sobiq bosh vazir Navoz Sharif yangi hukumat tuzish bo’yicha muzokaralarni boshlab yuborgan. Hindiston qo’shni davlat bilan munosabatlar yaxshilanishidan umidvor. Afg’oniston esa Tolibon bilan kurashda yaqinroq hamkorlik istaydi.

Navoz Sharifning bosh vazirlikka qaytayotgani Hindistonda ijobiy qarshi olindi.

“Uning matbuotga bergan bayonotlari, olg’a surayotgan tashabbuslari Dehlida ishonch uyg’otmoqda”, - deydi Hindiston Tashqi ishlar vaziri Salmon Xurshid.

Saylov kampaniyasida qilgan chiqishlarida Navoz Sharif Hindiston bilan aloqalarni normallashtiramiz, jangari guruhlarning bizning hududdan qo’shni davlatga hujumlar uyushtirishiga yo’l qo’ymaymiz, deb ta’kidlagan.

Hindiston 2008-yilgi Mumbay fojiasida Pokiston razvedkasining qo’li borligini da’vo qilib keladi. Navoz Sharif qo’shma tergov o’tkazishga rozi. 164 odamning hayotiga zomin bo’lgan o’sha terror xurujidan keyin ikki davlat orasi keskin sovigan edi.

Kuzatuvchilar fikricha, Sharif rahbarlikka qaytgan taqdirda ham shubha-gumonlar tez fursatda oradan ko’tarilishini kutmaslik kerak. Chunki bunday tashabbuslar samarasi avvalo Pokiston harbiylariga bog’liq, deydi ular.

Navoz Sharifning g’alabasi Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida ham olqishlanmoqda. Jammu va Kashmir shtati vaziri Umar Abdulla Hindiston rahbarlarini Navoz Sharifga do’stlik qo’lini cho’zishga chaqirdi.

Uning ta’kidlashicha, ikki davlat til topishsagina taraqqiyot eshiklari ochiladi, talash mintaqada yo’llar, maktablar va ko’priklar qurish imkoniyati paydo bo’ladi.

Afg’oniston ham Pokistonning yangi hukumati bilan terrorizmga qarshi kurashda yaqinroq hamkorlik qilish niyatida. Jangari manzillarini yo’q qilish uchun birgalikda harakat qilmasdan iloj yo’q, deydi prezident Hamid Karzay.

63-yoshli Navoz Sharif 1990-yillarda ikki marotaba Pokiston bosh vaziri bo’lgan. 1999-yilda general Parvez Musharraf boshchiligidagi davlat to’ntarishi natijasida hibsga olinib, Saudiya Arabistoniga quvg’in qilingan. U 2007-yilda vatanga qaytdi.