Hindiston prezidenti: Jinsiy tajovuz nega kundalik hol?

  • Amerika Ovozi

Dehlida zo'rlangan besh yoshli qiz kasalxonaga olib ketilmoqda


Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 20-aprel, 2013


Hindiston jamiyatida xotin-qizlarga nisbatan munosabat, jinsiy tahqirlanish hollari keng muhokamada ekan, Dehlida tinimsiz namoyishlar.

Ommani g’azabga keltirgan holat - besh yoshli qizning zo’rlangani. Jinoyatda 22 yoshli yigit gumon qilinmoqda va u hozir hibsda.

Mamlakatda to’rt oy oldin talaba qiz bir guruh erkaklar tomonidan tajovuzga uchrab, qiynoq va jarohatlardan jon bergach, Hindistonda zo’rlanish juda keng uchraydigan hol ekani ochiq tan olina boshladi.

Shundan beri yana bir necha bor fojiali holatlar qayd etildi. Hindiston bo’ylab mitinglar, adolatga chaqiriqlar tinmaydi. Siyosatchilar sud tizimiga ishoning deydi.

15-aprel kuni poytaxtda besh yoshli qiz yo’qolib qolgan. Uch kun o’tib topilgan. Qo’shni yigit uni olib qochib, jinsiy tahqirlagani aniqlangan. Politsiya jinoyatda boshqa odamlarning ham qo’li bo’lishi mumkin deydi.

Ota-ona nafaqat jamoatchilik balki politsiya ham vaqtida yordam bermadi, chora ko’rmadi deya nolimoqda. Ularning aytishicha, ishni tinchitib yuborish evaziga ularga pul taklif qilingan.

Qizaloq kasalxonada jarohatlardan davolanmoqda. Shifokorlar deydiki, uning jinsiy organlari va ichaklari qattiq zararlangan. Hech kim, ayniqsa bolalar bunday azobni boshdan kechirmasligi kerak, deydi unga qarayotgan doktorlar.

Hindiston prezidenti Pranab Mukerji bugun xalqqa murojaat qilib, jamiyat sifatida har bir fuqaro o’zini savolga tutib, nima uchun xotin-qizlar va bolalar bunday tahdidlar bilan yuzlashayotganini tahlil qilishi, har bir fuqaro xavfsizlik va tinchlik uchun o’z hissasini qo’shishi lozim, deya undadi.

“Hindistonning buyuk qadriyatlari qayerda qoldi? Tajovuz va tahqir nima uchun kundalik holatga aylangan? Sabab va yechim nima? Mana shular haqida o’ylaylik”,- deydi Mukerji xonim.