Bugun Markaziy Osiyoda adolat izlab yurganlar millionlarni tashkil etadi. Qay respublikaga qaramang, xalq adliya va huquq-tartibot tizimidan dod deydi. Korrupsiya chuqur ildiz otgan tuzumlarda aynan bu sohalar eng chuqur balchiqqa botgan. Porasiz biror ishni bitirish qiyin. Mintaqada azaldan mahalliy adolat tizimi mavjud. Qozilardan tortib, mahalla oqsoqollari, oilaviy va xotin-qizlar masalalari bilan shug’ullanadigan qo’mitalar. Shuningdek, turmush bilan bog’liq muammolarni yechishda keksa yoshli qarindoshlar maslahatiga suyanishadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tasavvur qiling, eridan kaltak yegan ayol kimga madad izlab boradi? Yaqinlaridan bu turmush, bolalaringni o’yla, eringning aqli kirib qolar degan gap eshitadi. Qaynona-qaynota uning dardini eshitmaydi, eshitsa ham er bo’lganidan keyin uradi-da deya eslatib qo’yiladi. Uydagi gap ko’chaga chiqmasligi kerak. Ona jismonan-ruhan ezilib yashayveradi, bolalar ham shunga yarasha azobda.
Oilaviy zo’ravonlik XXI asrga kelib ham Tojikistondek jamiyatlarda jinoyat emas. Qonun bunday jabrni tan olmaydi. Nodavlat tashkilotlar taxminicha har yili bu jamiyatda yuzlab ayollar o’ziga o’t qo’yadi. Zulmdan, hayotdan to’ygan insonlar eng yaqin kishilaridan ham umidini uzgan.
Azita Ranjbar, amerikalik yosh olima, Tojikiston va Qirg’izistonda uzoq vaqt bo’lib, mahalliy adolat tizimlari va jamoatchilik fikrini o’rgandi. U olib borgan loyihaga Yevrosiyo Jamg'armasi (Eurasia Foundation) homiylik qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Albatta, bu yetakchilar har doim ham zarur bilim va malakaga ega emas. Ko’p hollarda ular hukumatning “quloqlari”. Lekin noiloj fuqarolar uchun ulardan ma’qulroq odamlar yo’q. Qishloqqa tanish, sharoitdan boxabar, hurmat-izzatli insonlar. Ayniqsa, imom va otinlarga ishonch yuqori, deya kuzatadi Azita Ranjbar.
Ko’p-xotinlik hozir mintaqada, ayniqsa Tojikistonda keng tarqalgan holat, deydi u. Qonun emas, mulla oldida nikohga kirgan ayol, huquqi buzilsa, kimga boradi? Eri tashlab ketsa, bolalarini kim boqadi? Kimdan moliyaviy yordam oladi?
Qirg’izistondagi vaziyatni ham yaqindan kuzatgan va bu borada ilmiy-tahliliy maqolalar yozgan olima oqsoqollar va qishloq boshqaruvlari rolini yuqori baholaydi. Lekin, deydi u, hozir bu respublikada odamlar qonunga ko’proq tayana boshlagan. Tanish-bilishlarni ishga solib, murosa qilish yo’lini izlaydi, juda bo’lmasa, talabini qo’rqitish orqali qondirishga urinadi. Ularga xizmat ko’rsatishga usta advokatlar ham ko’p ekan, deydi Azita Ranjbar.
Bu masalani nega o’zimiz emas, chet ellik ekspertlar ko’tarmoqda deb hayron bo’lishingiz mumkin. Gap shundaki, mahalliy sharoit haqida mushohada yuritib, chuqur ildiz otgan salbiy holatlarni savolga tuta oladigan va bu haqda gapira oladigan mutaxassislar juda kam. Jabrlanuvchilar ham odatda o’z dardini kamera va mikrofon oldida gapirishga jur’at etmaydi.
Shuningdek, deya tahlil qiladi olim, adliya tizimi ishlamasa-da, azaliy an'ana-yu keksalarga hurmat va mahalliy yetakchilar adolatni ta'minlashga harakat qiladi, jamiyatni ushlab turadi.
Avvalo, hukumatlar muammolarni ochiq tan olib, adliya tizimida konkret islohotlar qilishi kerak, deydi u. Har bir respublika hozir bu yo’ldan ketayotganini da’vo qiladi.
Tashqi dunyo, deydi Erik Makglinchi, ayniqsa Jahon Banki, BMT, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi singari organlar, moliyaviy yordam ajratayotganida bu soha rivojiga ko’proq e’tibor qaratishi zarur. Nodavlat tashkilotlar, shuningdek, mahalliy sharoitda adolat ta’minlash bilan mashg’ul yetakchilar, imom va otinlar, qozi va boshqalar bilan ishlash kerak.
Azita Ranjbar esa ta’lim saviyasini bu muammolar bilan bog’lamaydi. Oliy ma’lumotli odamlar ham adolatni suddan emas, mahalliy qozilardan izlayotganini ko’rasiz, deydi u. Davlatga ishonch yo’q.
Yetakchilarning o’zlari esa hamma “adolatparvarlar” ni ham bir qolipda ko’rmang deydi. Vijdonli, ko’pni ko’rgan oqsoqol va onaxonlar ko’p, ammo ular ham korrupsiyadan xoli emas.
O’zbekistonlik bir faol bizga aytganidek: Hozir adolat bu pul. Kim boy bo’lsa, adolat, rasmiymi yoki norasmiy, o’sha odam tomonda. Tekinga hech kim yordam bermaydi.